Xudoynazar Yunusov Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi akademigi bo‘ldi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudoynazar Yunusovga Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasining Prezidium qaroriga muvofiq akademik unvoni berildi.
Mazkur unvon professor X.Yunusovning veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar sohalarini rivojlantirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi beqiyos xizmatlari uchun berildi.
X.Yunusov rahbarligidagi ilmiy maktab nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda ham keng e’tirofga sazovor bo‘lgan. Domla rahbarligida 9 ta falsafa doktori va 8 ta fan doktori dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan.
U Rossiya, AQSh, Portugaliya, Turkiya, Janubiy Koreya, Belarussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyalar va simpoziumlarda ishtirok etib, veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohalarining dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar bilan chiqish qilgan.
Olimning ilmiy merosi 470 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlarni o‘z ichiga oladi. Ulardan 15 ta monografiya, 17 ta darslik, 26 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta patent, shuningdek, o‘nlab ilmiy maqolalar va uslubiy tavsiyalar nashr etilgan. Professor X.Yunusov 6 ta mualliflik guvohnomasi hamda 4 ta ma’lumotlar bazasiga oid guvohnoma egasidir.