Samarqand va Masson: Ilm, muhabbat, meros

XX asr O‘rta Osiyo ilmiy hayotining eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Mixail Masson deyarli tug‘ilganidan boshlab onasi bilan Samarqandda yashagan.

Mixail Massonning arxeologiyaga qiziqishi Samarqanddagi o‘g‘il bolalar gimnaziyasida tahsil olgan paytlaridayoq, samarqandlik mashhur arxeolog va o‘lkashunos V.Vyatkin qiziquvchan yigitni Afrosiyob maydonidagi qazishmalarga jalb qilganida boshlangan edi. Shuningdek, u 1908–1909 yillarda Ulug‘bek rasadxonasida olib borilgan qazishmalarda qatnashgan.

Aynan shu yerda, aftidan, M.Massonning har yerida o‘tgan asrlar hidi taralib turgan qadimiy tarixi va g‘ayrioddiy memoriy yodgorliklari bo‘lgan Samarqandga bo‘lgan muhabbati uyg‘ongan. Keyinchalik olim sifatida u Samarqand haqida "Yodgorliklar shahri Samarqand - O‘rta Osiyoning Rimidir", deb aytgan edi.

1916 yilda Masson Samarqand gimnaziyasini oltin medal bilan tugatdi va Petrograd politexnika institutida irrigatsiya muhandisi mutaxassisligbo‘yicha o‘qishga kirdi. 1918 yilda Samarqandga qaytib kelgan Masson Samarqand viloyati muzyeyi direktori lavozimida ishladi. Uning harakatlari bilan muzey kolleksiyasi turli eksponatlar bilan boyitildi.

Taniqli arxeolog va sharqshunos olim Mixail Massonning shaxsiy arxivida “Navoiylar davridagi Samarqandning memoriy qiyofasi” maqolasiga ilova qilingan fotosuratlar o‘rin olgan. 1942 yilga oid ushbu hujjatlar O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanib kelinadi.

Olim o‘rta asr me’morlari tomonidan yaratilgan yodgorliklarni arxeologik jihatdan tekshirishning takomillashgan metodlarini topish va tatbiq etishda beqiyos xizmat ko‘rsatdi.

1944 yilda Toshkent shahrida ilmiy faoliyatining 25 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbirida professor M.Masson Samarqandda o‘tkazgan yillarini eslab, shunday degan edi:

- Turkiston — hozirgi O‘rta Osiyo mening ikkinchi vatanim! Men rus xalqi madaniyati tasirida tarbiyalangan bo‘lsam-da, Samarqandda ulg‘ayib, kamol topdim, uning yodgorliklari esa taqdirimni, mutaxassis sifatida mening hayot yo‘limni belgilab berdi.

Mixail Masson 1986 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.