Samarqandda beshta tuman kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladi
Prezidentimizning 2020 yil 6 mayda “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va uning urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida viloyatimizda iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish, sohani mexanizatsiyalashtirishni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini to‘liq qondirish maqsadida 2020 yil 7 mayda viloyat hokimining qarori qabul qilindi.
Endilikda viloyatimizning Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq, Samarqand, Urgut tumanlari iste’mol va urug‘lik kartoshka, jumladan, uning super elita, elita avlodlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Bulung‘ur tumanining Fozil Yo‘ldosh, Hamid Olimjon, A.Maxsumov, Navoiy nomli va Kildon mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda urug‘lik kartoshkaning super elita avlodini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Mas’ullar va tegishli tashkilotlar har yili 1 dekabrgacha klaster va kooperatsiyalar takliflari hamda iste’mol me’yorlari asosida kelgusi yil uchun kartoshka ekin maydonlari va yalpi hosili prognoz ko‘rsatkichlarini, urug‘lik kartoshkaga yillik talab va yetishmaydigan miqdorni aniqlaydi.
2020 yil 1 noyabrgacha mahalliy investorlar mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining sohaga jalb qilingan kredit mablag‘lari va grantlari hisobidan hududlarda “in vitro” laboroatoriyalari tashkil etiladi.