Jomboyda gilos yetishtirishga alohida e’tibor qaratiladi
Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning «yashil» usullarini rivojlantirish bo‘yicha «Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot» (“One Country – One Priority Product” – OCOP) global harakatlar dasturi doirasida Yevropa va Markaziy Osiyoda mamlakatbay loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida tashkil etilgan seminarda milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, Albaniya, Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkiya va Xitoy vakillari ishtirok etdi.
Seminar doirasida Jomboy tumaniga tashrif buyurgan mutaxassislar mahalliy soha vakillari bilan «Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot» global harakatlar dasturining Yevropa va Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi bilan tanishish, mavjud muammolar va imkoniyatlar yuzasidan fikr va tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan gilosning mamlakatimizda yetishtirish bo‘yicha ishlar ko‘lamini yanada oshirish belgilandi. Shu munosabat bilan hozirgi kunda O‘zbekistonda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash uchun innovatsion yondashuvlar» loyihasi amalga oshirilmoqda. Ayni loyihada ta’kidlanganidek, gilos barqaror va inklyuziv o‘sish uchun katta imkoniyatlarga ega mahsulot. Bu borada yurtimizda giloszorlar yildan yilga ko‘payib borayotganini ham alohida aytib o‘tish lozim. Ma’lumot uchun aytish kerakki, oxirgi uch yil davomida barcha toifa xo‘jaliklarida 10 ming gektardan ortiqroq gilos bog‘lari tashkil etildi. Bugungi kelib esa mamlakatimizda 25 ming gektarga yaqin gilos bog‘lar mavjud. Asosiy hosil aynan ushbu bog‘laridan olinmoqda. O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi.
Dasturning Osiyo mintaqasi bo‘yicha global koordinatori Hafiz Mo‘minovning tashabbusi bilan loyiha doirasida Jomboy tumanidagi «Maroqand meva-sabzavot» mas’uliyati cheklangan jamiyatining intensiv texnologiyalar asosida yetishtiriladigan gilos bog‘lari ham ko‘zdan kechirildi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, gilos yetishtirish borasida Jomboy tumanida faoliyat olib boruvchi yirik dehqonchilik va meva mahsulotlarini yetishtiruvchi «Maroqand meva-sabzavot» mas’uliyati cheklangan jamiyatining hissasi ham salmoqli. Xususan, ushbu MChJ bog‘larida 6 xil gilos navlari yetishtiriladi.
— «Bir mamlakat uchun — bitta ustuvor mahsulot» yo‘nalishining tanlanishi noo‘rin xavotirni uyg‘otmasligi kerak. Amaliyotda mamlakatlarning qishloq xo‘jaligida bitta ustuvor mahsulotni tanlashi uni boshqa kuchli tomonlarini ilgari surish uchun ham zamin yaratadi, – deydi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Dehqonchilik va o‘simliklarni himoya qilish bo‘limi direktori, janob Jing Yuan Sya. – Umuman olganda, bir mamlakat uchun bitta qishloq xo‘jaligi mahsulotiga e’tibor berilishi bu boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining cheklanishi degani emas. O‘zbekistonda bu loyiha uchun gilos mahsulotini tanlangan. Gilos esa mamlakatingizdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eskporti ichida 5-o‘rinni egallaydi. Bu eksport salohiyatini yanada oshirish uchun davlatingizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Mamlakatingizdagi ajoyib iqlim, bog‘bon va fermerlarning bu boradagi tajribalari bu imkoniyatlarni yanada kengaytirishga turtki bo‘ladi deb o‘ylayman.
Shuningdek, xitoylik mutaxassisning ta’kidlashicha, Jomboy tumani iqlimi ayni mahsulotni yetishtirshda juda qo‘l keladi. Kelgusida tuman hududida alohida gilos plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha rejalar qilindi.
Mehroj FAYZILOV.