Jomboyga borib, O‘zbekistonda yurganimni his qildim

Poytaxtda yashab, ko‘chalardagi ruscha, inglizcha yozuvlardan g‘ashiqib o‘rganib qolgan ekanman.

Ilgari sartaroshxona degan joylar bo‘lar edi. Keyin “parikmaxerskaya” bo‘lib ketdi. Endi “barbershop”ga aylandi. Mashina yuvadigan joylar “avtomoyka”dan “car wash”ga aylandi… ammo o‘zbekcha bo‘lmadi.

Xullas, u yoq-bu yoqqa chiqib turish kerak ekan. Dam olish kunlari ota yurtimga bordim. Uyimga borib, qaytar ekanman-u ko‘cha aylanib, tomosha qilmas ekanman.

Bir yaqin opamiz vafoti munosabati bilan qarindoshlar bilan Jomboyning olisroq Xurmi qishlog‘iga borib keldik. Yo‘llarda yozuvlarni o‘qib ketish odatim. Beixtiyor qarab ketyapman: “Avtoyuvish, “O‘zing yuv”, “Go‘sht do‘koni”, “Idora ashyolari”, “Tikuvchilik”, “Biz ish boshladik”... Xullas, ko‘nglim ko‘tarildi.

Hatto qishloqlar nomlari ham qator yozib ketilgan. Bolaligimda ko‘p eshitganim Mang‘it, Juriyat, Naymantepa, Yo‘g‘ontepa, No‘sh... kabi qishloqlar nomini o‘qib borar ekanman, yurtimdan “uzilib” ketganimga uyaldim.

Keyingi kuni tuman markaziga ish bilan bordim. Bir-ikki istisno holatlarni hisobga olmaganda hamma peshlavhalar o‘zbek tilida ekani quvontirdi.

Yana qayerda shunday? Kim biladi?

Biz ba’zan qishloqlarga borganda shahardagi o‘zgarishlarni namuna qilib ko‘rsatamiz. Endi katta shaharlarimiz qishloqlardan namuna olsa arzirli bo‘libdi. Barakalla, jomboyliklar!

Manzura Shams.