Jomboy va Paxtachi tumanlarida mansabdor shaxslar pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Jomboy tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaroga yashash xonadonida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ochishi uchun uning turar-joyini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish evaziga tamagirlik yo‘li bilan 200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Paxtachi tumani ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga tumanda karer faoliyatini amalga oshirishi uchun ekologik xulosa berish, Qarnab qishlog‘idagi “Nakvoysoy” hududidan tosh-shag‘al qazib olishiga ruxsat berish hamda kelgusida MChJ faoliyatini qo‘llab turish uchun 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.