Jomboyda V-VIII asrlarga oid qadimiy shahar aniqlandi
Jomboy tumanida 200 dan ortiq arxeologik va arxitektura yodgorliklari aniqlangan bo‘lib, ular davriylik jihatidan turli asrlarga tegishli. Yaqinda tumanning Qoramo‘yin mahallasi shimoli-g‘arbiy chekkasida V asrdan VIII asr o‘rtalarigacha odamlar yashagan Kabudan shahri aniqlandi.
Qadimda shaharda mayda tepaliklar ko‘p bo‘lgani uchun xalq tilida Mingtepa nomi bilan atalgan. Yodgorlikda hozirgi kunda 60 ga yaqin tepalik saqlanib qolgan.
- Kabudan shahri haqidagi ma’lumotlar faqat qadimgi Xitoy manbalarida uchraydi, - deydi Germaniyadagi Berlin-Brandenburg fanlar akademiyasi katta ilmiy xodimi, Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti arxeologiya bo‘limi dotsenti Alisher Begmatov. – Qazishma ishlari davomida Mingtepa yodgorligi So‘g‘dni tashkil qilgan qadimiy shaharlardan biri Kabudan ekanligi aniqlandi. Kabudan shimoldan Choch, Ustrushana (so‘g‘dcha) va Jizzax tomondan So‘g‘d (Samarqand)ga kirganda birinchi shahar hisoblanadi. Shahar ark, shahriston va uning tashqari qismi (rabot)dan tashkil topgan. Yodgorlikni Samarqand arxeologiya instituti, Berlin-Brandenburg fanlar akademiyasi va Yaponiyaning Kiota san’at universiteti bilan hamkorlikda to‘rt yildan buyon o‘rganyapmiz. O‘tgan davr mobaynida arxeolog olimlar bilan hamkorlikda shahar V asrda tashkil topgani va VIII asr o‘rtalariga kelib xarobaga aylangani aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mingtepa arablar istilosi tufayli VIII asr boshlarida vayron qilinadi va VIII asrning ikkinchi choragida shaharning barcha hududlarida hayot to‘xtaydi. Bu yerdan topilgan sopol idishlar, tangalar va turli buyumlardan ko‘rish mumkinki, XI asrda, ya’ni qoraxoniylar davrida Kabudan shahrida yana hayot boshlanadi.
- Mingtepa yodgorligining shahar qismi 40 gektar bo‘lib, qishloq okruglari bilan hisoblaganda hudud 400 gektarni tashkil etadi, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti kichik ilmiy xodimi, arxeolog Husniddin Rahmonov. - Yodgorlik o‘rtasidan sharq-g‘arb yo‘nalishida yo‘l o‘tgan bo‘lib, sharqiy darvozadan kirib borishda yo‘lning o‘ng tomonida shahriston, chap tomonida ark joylashgan. Arkning balandligi taxminan 12 metrni tashkil etadi. Shahriston tashqi mudofaa devori bilan o‘ralgan bo‘lib, devorning har ikkala tomonidan 90x40, 50x40, 25x25 metrli qo‘riqchi minoralar va qishloq makonlari joylashgan. Shahristonning shimoliy qismida 200 metr uzunlikda unga qo‘shimcha kuchaytirilgan mudofaa devori va undan keyin shahriston mudofaa devori qurilgan. Shahar shimoldan oqib o‘tgan Bulung‘ur arig‘idan suv olgan.
2023 yilda shahristonning g‘arbiy qismida zodagonlarning ikki qavatli xonalari o‘rni ochib o‘rganildi. Xonalarning eni 2,5 metrdan 3 metrgacha, uzunligi 6-10 metr bo‘lib, balandligi 3-5 metrni tashkil etadi. 7-xonada eni 1,20 santimetr, uzunligi 3,70 santimetr, qalinligi 10 santimetr bo‘lgan supa aniqlandi. Birinchi qavat devorlari paxsadan qurilgan, uning usti somonli loy bilan suvalgan. 7-8-xonalar bir-biri bilan bog‘liq. Bu xonalarning ikkinchi qavatini 8-xonaning chiqish eshigi qismida ikkita, o‘lchami 25-30 santimetrli katta ustunlar, devorning ikkala burchagiga o‘rnatilgan. Ushbu ustunlar o‘z navbatida ikkinchi qavat yog‘och pollarini ushlab turishda yordam bergan.
Ikkinchi qavat devori 50x25x8-10 santimetr o‘lchamdagi g‘ishtlar bilan ichkariga tortilib, arka qilib, tom usti yopilgan. O‘rta Osiyoda V-VIII asrlarda tomni arkasimon qilib yopish keng tarqalgan. Xonalardan topilgan kulollik namunalari VII-VIII asrning birinchi yarmi bilan davrlanadi. Qazishmalar davomida kundalik turmush tarzi, savdo-sotiq ishlarida ishlatilgan So‘g‘d shohi Turgar tomonidan zarb qilingan bir qancha tangalar aniqlandi. Shuningdek, o‘choqboshi qozon, dekcha, qumg‘on, kosa, ko‘za, piyola, finjon, likop, likopcha, tovoq, katta hajmdagi xum, xumcha, xurmacha, suv ko‘za va boshqa turdagi kulollik idishlari topildi.
Mingtepa yodgorligida tadqiqot olib borishdan asosiy maqsad V-VIII asrlar davrini chuqurroq o‘rganish, ilk O‘rta asrlar davri kulollik hunarmandchiligi, qurilish madaniyati, san’ati, Markaziy So‘g‘dda tutgan o‘rnini aniqlash, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – Kabudanning ark qismida shahar hukmdori, shahristonda zodagonlar, shahar tashqarisida oddiy aholi yashagan. Shaharning uchala qismi ham mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan bo‘lib, hududda savdo-sotiq, hunarmandchilik, me’morchilik va shaharsozlik yaxshi rivojlangan. Shahar turk xoqonligi davrida, ya’ni VI-VIII asrlarda gullab yashnagan va turk-so‘g‘d munosabatlari, hamkorlik, aslzodalar o‘rtasida savdo-sotiq, madaniy aloqalar rivojlangan. Buni yodgorlikda olib borilayotgan qazishma ishlari davomida turk xoqonligining tangalarida ham ko‘rish mumkin. Ushbu topilmalarni o‘z holicha saqlab qolish, tadqiqotlarni davom ettirish va kelajak avlodga yetkazish maqsadida yodgorlikni YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan.
Ayni paytda Mingtepa yodgorligida qazishma ishlari davom etmoqda. Ammo shunga qaramay, bu yerda yashayotgan aholi va tadbirkorlar tomonidan yodgorlikka zarar yetkazilmoqda. Arxeologlarning ta’kidlashicha, yodgorlik aholi yashash joyiga yaqinligi, atrofda zavod va fermalar ko‘pligi bois turli chiqindilar tashlanishi, shuningdek, hududda fuqarolar tomonidan ko‘plab qurilishlar hamda tuproqlarning qazib olinishi oqibatida yodgorlikka zarar yetyapti va ko‘rinishining o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu muammolarni hal qilish yuzasidan Madaniy meros agentligiga murojaat qilingan. Ammo aksariyat fuqaro va tadbirkorlarni to‘xtatishning imkoni bo‘lmayapti. Shu bois fuqaro va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, ularni nazorat qilishda viloyat madaniy meros boshqarmasi mas’ullari hamda mahalliy hokimlik yaqindan yordam bersa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat, video).