Amir Temur maqbarasida qanday eksponatlar saqlanadi?
Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasiga keluvchilar Sohibqironning hayoti, temuriylarning davlat boshqaruvi, me’moriy merosi, o‘sha davr madaniyat va san’atidan bahramand bo‘ladi.
Keyingi yillarda ziyoratgohda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, restavratsiya jarayonlari hamda xalqaro hamkorlik natijasida maqbara ekspozitsiyasi yanada boyitildi.
Sohibqiron tobutining qoplama matosidan topilgan parchalar
XV asrga oid ushbu mato bo‘laklari oltin va kumush iplar bilan to‘qilgan bo‘lib, tarixiy dafn marosimlari an’analarini o‘rganishda juda muhim manba hisoblanadi. Matoning har bir bo‘lagi maxsus sharoitda saqlanib, restavratsiya qilingan holda namoyish etilmoqda. Mato bilan birgalikda maqbarada Sohibqironning “Qabr ochilishi haqida”gi dalolatnoma hujjatlarining nusxasi va fotosuratlari mavjud.

Ikki tabaqali o‘ymakor yog‘och eshik va marmar panel fragmenti
Ekspozitsiyaga chiqarilgan qayrag‘ochdan yasalgan, fil suyagi va turli daraxtlar bilan inkrustatsiya qilingan bu eshik temuriylar davridagi o‘ymakorlik san’atining yorqin namunasi sifatida qadrlanadi. Shuningdek, epigrafik naqshli marmar panel fragmenti Qur’on oyatlari va bezakli yozuvlar bilan ziynatlangan bo‘lib, temuriylar davri xattotlik va naqsh san’atining nozik uslublarini ochib beradi.

Ko‘ksaroydan topilgan ustun tagligi va bo‘lagi
XIV-XV asrlarga oid mazkur me’moriy detallar Amir Temur davridagi saroy me’morchiligining qiyofasini tiklashda muhim o‘rin tutgan bo‘lib, ziyoratchilarga Sohibqiron bunyod etgan yirik inshootlarning tarixiy ko‘rinishini jonli tasavvur qilish imkonini yaratadi.
Amir Temur jasadi olib kelingan yog‘och tobut
Archa yog‘ochidan ishlangan ushbu tobut tarixiy ahamiyati bilan alohida e’tiborga ega. Amir Temur qabri 1941 yilda ochilganida tobut qabrdan olinadi va restavratsiya qilinib, Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasiga topshiriladi va uzoq muddatda muzeyda saqlandi. Hozirda tobut Amir Temur maqbarasiga olib kelinib, maxsus himoya tizimi bilan jihozlandi va zamonaviy vitrinaga o‘rnatildi.

Shuningdek, maqbaraga tarixiy qo‘lyozma va nashrlar namunasi ham olib kelingan. Jumladan, XIII asrga tegishli Mirzo Rumining “Temurnoma” qo‘lyozmasi, Ibn Arabshohning “Ajoyib al-Maqdur fi Tarixi Temur” (1868), Siyeur de Sainctyon’ning “Histoire du Grand Tamerlan” (1678), A.V.Shchyusev tomonidan chizilgan “Gur Amir” (1905) albomidan sahifa ko‘rgazmada namoyish qilinmoqda. Bu manbalar orqali Sohibqiron shaxsiyati, siyosiy faoliyati va jahon tarixidagi o‘rniga oid ma’lumotlar ilmiy asosda yoritilib, jamoatchilikka yetkaziladi.
Maqbaraga tashrif buyuruvchilar bu yerda nafaqat temuriylar davrining bebaho tarixiy merosi bilan tanishadilar, balki xalqimiz o‘tmishidagi eng yorqin sahifalarni qalban his qiladilar. Yangidan tashkil etilgan vitrinalar, zamonaviy interfaol taqdimotlar va eksponatlar har bir mehmon uchun mazmunli xotiralar qoldiradi.
Davlat Kamoliddinov,
Amir Temur maqbarasi gid-tushuntiruvchisi.