Samarqand shahridagi 10 dan ortiq madaniy meros ob’yekti ta’mirlandi

Ammo 30 dan ziyod yodgorlik avariya holatida

Viloyatda 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, yodgorliklarning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura ob’yektlari, 36 tasi monumental san’at asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Ob’yektlarning 483 tasi, ya’ni 30 foizi Samarqand shahrida joylashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi yodgorliklarning 363 tasi qoniqarli, 77 tasi qoniqarsiz, 31 tasi esa avariya holatida turibdi. Ta’mirtalab ob’yektlarning 19 tasi xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan.

- Keyingi yillarda Samarqand shahridagi diqqatga sazovor maskanlar - Registon, Shohi Zinda, Bibixonim, Xon Said Imom, Dari Zanjir, Mirvafoboy uyi, Ashratxona, Saroy Mulk Xonim, Oq Saroy, Mahdumi Xorazmiy hamda Qozi G‘ofur madaniy meros ob’yektlarida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilib, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan inshootlar muhofazaga olindi, - deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ziyodulla Nasimov. – Buning uchun 6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, madaniy meros ob’yektlarining saqlanishi, ta’mirlanishi, tiklanishi va muhofaza qilinishi ustidan o‘rganish ishlari olib borilib, shahardagi XIX-XX asrlarga oid to‘rtta arxitektura inshootini madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatidan chiqarish uchun xat yuborildi.

Avariya holatida turgan madaniy meros ob’yektlariga kelsak, kelgusi yillarda davlat dasturi asosida hamda Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob’yektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to‘g‘risida Nizom” talablari asosida davlat mulki ob’yektlarini ijaraga berish hamda investitsiya kiritish orqali yodgorliklarni ta’mirlash rejalashtirilgan.