24 mingdan ziyod fuqaroga ijtimoiy xizmat ko‘rsatildi
Narpay tumanida aholi farovonligini oshirish, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida markazimiz hamda mahallalarda xizmat qilayotgan ijtimoiy xodimlar tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumandagi 53 ta mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining beshta shu’basi orqali shu yilning o‘tgan davrida 24 mingdan ziyod fuqaroga 20 ming 309 ta xizmat ko‘rsatildi. 1850 nafar fuqaroning ehtiyojlari baholanib, ijtimoiylashuvi ta’minlandi.
Markazda voyaga yetmagan bolalar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bolalar huquqlarini himoya qilish shu’basi tomonidan 13 nafar nogironligi bo‘lgan bola ta’limga jalb etildi. 180 nafar ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolaga vasiylik tayinlandi. Yil boshidan 5 nafar chin yetim bolaga barcha qulayliklarga ega turar joylar topshirildi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 36 nafar fuqaroda nogironlik belgilandi, 1030 nafar fuqaro protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlandi. Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan 667 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 265 nafar fuqaro adaptiv sportga jalb etildi.
Qarovchiga muhtoj 101 kishi yolg‘izlar reyestriga kiritilib, 32 nafarining uyda va kunlik parvarishi yo‘lga qo‘yildi. Birlamchi ehtiyojlar doirasida 21 nafar oila kiyim-kechak va 54 nafari zaruriy tovarlar bilan ta’minlandi. 9 nafar fuqaroning davolanish xarajatlari qoplandi, 3 nafarining uy-joy sharoitlari yaxshilandi.
Z.Yorqulov,
Narpay tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mahallalar bilan ishlash shu’basi mudiri.