Samarqand shahrida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yangi binoga ko‘chdi
Samarqand shahridagi Ro‘dakiy ko‘chasida yangi bekat paydo bo‘lganiga ko‘pchilik e’tibor berganmi yo‘qmi, ammo uning yonginasida ikkita zamonaviy bino qisqa fursatda qad rostlaganiga ko‘zimiz tushgandir. Hali binoga kirmasimizdanoq, bu maskan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, imkoniyati cheklangan insonlar murojaat etadigan markaz ekanligi infrastrukturadan ham bilindi.
Ro‘dakiy ko‘chasi, 174-uy manzilida joylashgan markaz yonginasida “Inson” bekati tashkil etilgan. Ko‘chadan boshlab, ko‘zi ojiz insonlar harakatlanishi uchun taktil plitkalar terilgan bo‘lsa, aravachada harakatlanadagina insonlar uchun maxsus panduslar qurilgan. Binoning ichki qismida ham xuddi shunday.
Mazkur markaz faoliyati bilan aholini tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press tur uyushtirildi.
- Nafaqat harakatlanish, balki xizmat ko‘rsatishda ham xuddi shunday qator qulayliklar e’tiborga olindi, - deya gapirib beradi Samarqand shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari o‘rinbosari Baxtiyor Ismoilov. – Murojaat qilib kelgan aholining qaysi bo‘limga borishidan boshlab, uni qiynayotgan masala binoga kirishdanoq faoliyat ko‘rsatadigan xodimlar tomonidan yo‘naltiriladi. Markazimizning o‘zida bugungi kunda aholining 12 toifa vakillariga 23 turdagi yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi. Ilgari bu xizmatlar turli tashkilotlarning ba’zi bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan. Ya’ni markazimiz 15 ta turli doiradagi tashkilot yoki uning bo‘limlari funksiyasini bir joyda jamlash imkoniga ega bo‘ldi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining tashkil etilishi zarur ko‘makka muhtoj aholining bitta binoda ishini hal qilish imkoniga egaligi, qolaversa, mazkur xizmatlar yanada soddalashtirilgani, xizmatchilar o‘z vazifasini amalga oshirishda esa ilgarigidan ko‘ra zamonaviy, takomillashgan vosita, dasturlardan foydalangani bilan muhim ahamiyatga ega.
Markaz murojaat etuvchi aholi bilan ishlaydi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ro‘yxatini o‘zi tuzadi va ularga zarur yordamlar bilan ham shug‘ullanadi. Buning uchun bugun mahallalarda ijtimoiy xodim ish boshlagan. Samarqand shahrida 215 mahalla bo‘lsa, ularda 64 nafar ijtimoiy xodimlar faoliyat ko‘rsata boshladi. Ular aholining ma’lum kontingenti bilan ishlab, ularning ro‘yxatini tuzadi, ularga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini nazorat qiladi.
Markazni aylanarkanmiz, unda ijtimoiy xizmatning qariyb barcha shakllari aynan shu yerda jamlanganiga guvoh bo‘ldik. Bolalarni ijtimoiy himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, mahallada ijtimoiy xizmatni tashkil etish, katta yoshdagi va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash bo‘limi va hokazo.
- Hozirda Samarqand shahrida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yalg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 324 nafarni tashkil etadi, - deydi markazning katta yoshdagi va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash bo‘limi rahbari Akbar Karimov. – Ularning 118 nafari yolg‘iz keksalar hisoblansa, 206 nafari yolg‘iz yashovchilardir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yolg‘iz keksalar bilan yolg‘iz yashovchilar ko‘rsatiladigan xizmatlar turlichadir. Ushbu fuqarolarga 33 nafar tizim ijtimoiy assistentlar tomonidan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini, zarur sanoat mahsulotlarini va dori-darmonlarni sotib olish va uyiga yetkazib berish, ovqatlar tayyorlash, uyni yig‘ishtirish-tozalash, gigiyena ishlarida ko‘maklashish, ijtimoiy va maishiy xizmatlar ko‘rsatish, hujjatlarini qayta tiklashda ko‘maklashish kabi xizmatlarni amalga oshirib, kunlik hisobotlarni kiritib borishmoqda. Ular doimiy ravishda to‘liq tibbiy dispanser ko‘rigidan o‘tkazib kelinadi. 10 nafari sanatoriy oromgohlariga bepul yuborilib, sog‘lomlashtirildi.
Tizimni ishini yanada yaxshilash maqsadida markaz xodimlari tomonidan qirqqa yaqin takliflar bildirilgan bo‘lib, bugun ular ko‘rib chiqilmoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.