Samarqandda dunyo yoshlari iqlim uchun birlashdi

Samarqandda o‘tkaziladigan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida YuNESKOning 14-Yoshlar forumi yakunlandi.

Dunyoning 100 dan ortiq davlatidan kelgan 150 nafar yosh yetakchilar, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan uch kunlik anjumanda “Iqlim harakati va uning ijtimoiy ta’siri, ayniqsa yoshlar uchun” mavzusi yuzasidan fikr almashildi.

Forumning asosiy tadbirlarida turli davlatlar vakillari iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va ekologik muammolarning yechimlari bo‘yicha tashabbus va g‘oyalarini ilgari surdi, innovatsion yechimlar taklif etildi.

– Anjumanda ishtirokchi davlatlar yosh liderlari butun dunyoda global muammoga aylangan atrof-muhitni chiqindilardan asrash, ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilish, suv taqchilligi muammosi, bioxilmaxillik va hayvonlarning noyob turlarini yo‘qolib ketishdan asrash, o‘rmonlarning qisqarishi, yong‘inlar, umuman, iqlim o‘zgarishiga ta’sir qiladigan dolzarb masalalar muhokama qilindi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov. – Mamlakatimiz yoshlari ham bu borada O‘zbekiston tajribasi sifatida amalga oshirilayotgan ishlar haqida chiqishlar qildi.

Jumladan, umummilliy harakatga aylangan “Yashil makon” loyihasi hamda jahon tajribasi asosida yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonlari yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani ko‘rsatib berildi. Shuningdek, hukumatimiz vakillari, ekspertlar va lider yoshlarimiz xorijliklar tajribasini atroflicha o‘rganib, sohaga tatbiq etishga kelishib olindi.

Forumda ishtirok etgan xorijlik yoshlar ham anjuman haqidagi taassurotlari va unda ilgari surilgan g‘oyalar haqida o‘rtoqlashdi.

– Men O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman, bu yerda buyuk allomalar qo‘nim topgan, – deydi Senegal delegatsiyasi vakili, YuNESKO klubi a’zosi Leiti Ka. – Shuning uchun ham o‘zimni uydagidek his qildim. Forumga kelsak, dunyo yoshlari barqaror ekologik muhitni yaratish uchun aloqa o‘rnatish, fikr almashish va hamkorlik qilish uchun birlashdi. Jumladan, ta’limni ekologiklashtirish, jarayonda yoshlarning innovatsion fikrlarini rivojlantirish va ta’sirini kuchaytirish diqqat markazimizda bo‘ldi. Bu juda muhim, chunki gap yoshlarga o‘z jamiyatlarini yaxshiroq kelajakka olib borish uchun zarur bo‘lgan vositalarni taqdim etish haqida bormoqda. YuNESKO yoshlarning bu yo‘ldagi startap loyihalari uchun sarmoya kiritmoqda va bu dunyoda ijobiy o‘zgarishlarga qaratilgan qadamdir. Ayniqsa, forum O‘zbekiston uchun o‘rnak ko‘rsatish imkoniyati bo‘ldi va mamlakat xalqaro hamkorlik namunasi, ishonch ramziga aylandi.

– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim, rosti, dastlab forum Parijda o‘tkazilmaganidan biroz xafa bo‘ldim, chunki bu shahar YuNESKO uchun ramziy joy, – deydi Belarus YuNESKO klublari assotsiatsiyasi vakili Kseniya Lanets. – Lekin O‘zbekiston haqidagi taassurotlarim, bizni kutib olish va tadbirni yuqori saviyada tashkil etilgani barcha kutganlardan ham a’lo darajada bo‘ldi. Tadbirda ekologiya bo‘yicha hozirgacha ishlab chiqqan barcha ishlarimizni umumlashtirib, o‘z g‘oya va tashabbuslarimizni taqdim etdik. Jumladan, bizning mamlakatimizda iqlim o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi botqoqliklarning qurib borishi, ya’ni melioratsiya bilan bog‘liq muammolar bor. Men ushbu muammolar yechimi bo‘yicha ilmiy ish qilyapman va grant ham yutib oldim. Tadbirda bu yo‘nalishdagi muammolar yechimi yuzasidan taqdimot qildim va ishtirokchilar tomonidan bildirgan bu kabi taklif va muammolar yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.

Anjuman yakunida “Yoshlar forumi natijalari hujjati” qabul qilinib, iqlim harakatida yoshlarning o‘rni, ular ilgari surgan tashabbuslar va kelgusida amalga oshiriladigan rejalar aks etgan. E’tiborlisi, forumda muhokama qilingan masalalar YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlarida xalqaro tashkilotlar vakillari va delegatsiyalari ishtirokida ham ko‘rib chiqiladi.