Sobiq o‘quvchi o‘zi o‘qigan maktabga kitoblar sovg‘a qildi

Samarqandlik jamoatchilik faoli Ahtam Niyazov o‘zi tahsil olgan maktabga borib, o‘quvchilarni quvontirdi.

U Jomboy tumani Qo‘ng‘irot mahallasida joylashgan 13-umumta’lim maktabida 1975–1977 yillarda bir muddat tahsil olgan.

A.Niyazov yaqinda maktab kutubxonasiga o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlaridan iborat 50 dona badiiy kitoblar jamlanmasini hadya etgan edi. Bu safar 7–11-sinflarda tahsil olayotgan 33 nafar a’lochi va faol o‘quvchilarga ham o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan tashkil topgan kitoblarni taqdim etdi.

Shuningdek, jamoatchilik faoli o‘zining bir muddat foydalangan shaxsiy kompyuterini axborot texnologiyalariga qiziqadigan iqtidorli o‘quvchilardan biriga sovg‘a qildi. Bu esa yoshlarni zamonaviy bilim va texnologiyalarga yanada qiziqtirishga xizmat qiladi.

Mazkur xayrli ishi orqali Ahtam Niyazov yosh avlodni kitobxonlikka da’vat etib, ularning bilim olishga bo‘lgan intilishini hamda axborot texnologiyalarini o‘rganishga qiziqishini rag‘batlantirmoqda.