Samarqand sovqotib uyg‘ondi
Ha, bugun 23 yanvar tongini aksar samarqandliklar sovqotib, junjikib qarshi oldi. Garchi bundan bir necha kun avval mamlakatimizda havo harorati keskin tushib ketishi haqida ogohlantirish berilgan bo‘lsada, ta’minot bo‘lmagach, nailoj?!
Qizig‘i, elektr va gaz tarmog‘i xodimlari esa odamlarni o‘z tashvishlaringizni bir amallab ko‘rib qo‘ying, degan ma’noda, elektr tarmog‘ida uzilishlar bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
Xo‘p, qishloqda, hovlilarda yashayotganlar ko‘mir va o‘tin bilan uyni isitish chorasini ko‘rishdi. Lekin ko‘p qavatli uyda yashayotganlarchi? Ular nima qilishi kerak?
Bundan bir necha yil avval Samarqand viloyat hokimligi tomonidan aholi uchun "Samarqand kommunal" nomli telegram guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unda aynan mana shu xizmatlar bo‘yicha murojaatlarga tezkor javob berilishi yo‘lga qo‘yilgan edi. 22 yanvardan 23 yanvarga o‘tar kechasi bu kanaldagi murojaatlar har qachongidan ko‘paydi:
*Sartepada svet yo‘q!
*Farovonlik mahallasida gazning hidi ham yo‘q, nima qilaylik?
*Sug‘diyona maskani, chirog‘imiz qachon yonadi, yosh bolalarimiz bor, axir?!
* Kimyogarlar qo‘rg‘onidanmiz, 5 soat bo‘ldi svet yonmaydimi?
Bu murojaatlarga o‘z vaqtida javob ham berildi, ammo javoblarning hammasi ham murojaatchilarni qanoatlantiradigan darajada emas edi:
*Elektr tizimida avariya holati sodir bo‘lgan, brigada ishlayapti.
*Brigada sizlar tomonga ketdi, hozir yonib qoladi.
*Gazni muvofiqlashtirishga harakat qilayapmiz...
Xullas, shu kabi savol javoblar kechasi bilan tinmadi.
Orada "svetimiz yondi, baraka topinglar" degan minnatdorlik so‘zlari ham bildirildi. Demak, brigadalar rostdan tinim bilmay ishladi. Bu guruhga qo‘yilayotgan suratlardan ham ma’lum edi. Yarim kechasi ham elektr tizimi xodimlari jiddiy talafotlarni bartaraf etish bilan band bo‘ldi. Faqat bu brigadalar soni cheklagan shekilli, shaharning u burchagidan bu burchagiga borish, sovuq havoda ishlash oson kechmagani aniq. Ular sovuqda ishlayapti, lekin boshqa joyda kimdir uyida, yosh bolalari bilan sovqotib o‘tirdi. Vaqtida mavsumga yetarli tayyorgarlik ko‘rmagan yoki qog‘ozda “hammasi bajarildi” deb yozgan mas’ullar ham uyida jimgina o‘tirgani ham aniq.
Ammo gaz masalasida ijobiy fikrni kuzatmadik.
Ko‘pchilik dardini shu guruhga aytib olish bilan ham isindi, nazarimda.
Xullas, qishga tayyorgarlik ko‘radigan bu tizim har safargiday bu gal ham bitta qattiq sovuqqa dosh bermadi. Jabrini esa kechasi bilan sovuqda tarmoqni tuzatishga yugurgan oddiy elektr xodimlari, aholi tortdi.
Hatto, suv ta’minoti xodimlari ham mana shu sovuqda suv kechib, yorilgan quvurlarni sozlayotganiga guvoh bo‘ldik ijtimoiy tarmoqlar orqali.
Qiziq, nega kommunal tizimimiz birgina sovuqqa dosh berolmaydi?
Har bir ishlab chiqaruvchi yoki daromad topuvchidan soliq undirish rejalari har kuni reja qilinib, muhokama etiladi. Lekin nega har bir xonadonni uzluksiz elektr toki va tabiiy gaz bilan ta’minlash masalasi bu qadar jiddiy ko‘rilmaydi?
Kecha ertalab yo‘llardagi muzlamalar haqida ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar ko‘payib ketgach, viloyat hokimi Samarqand shahri va shahar atrofidagi magistrallarni tozalash holatini mas’ullar bilan birga borib o‘rgandi, zarur chora-tadbirlar belgilandi. Va kechga borib yo‘llar ancha tartibga kelib, muzlamalardan tozalandi.
Nima, gaz va elektr ta’minoti masalasida ham viloyat birinchi rahbarining o‘zi joylarga chiqib vaziyatni o‘rganishi kerakmidi? Viloyat hokimining shu sohaga mas’ul o‘rinbosari, elektr va gaz ta’minoti korxonalari rahbarlari-chi? Ular nima ish qiladi?
Gulruh Mo‘minova.