Kattaqo‘rg‘on shahrida futbol akademiyasi quriladi

Prezidentimizning 2025 yil 27 dekabr kuni “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahrida futbol akademiyasi tashkil etish belgilangan.

O‘zbekiston prfessional futbol ligasining ma’lum qilishicha, qarorda Kattaqo‘rg‘on shahrida Assotsiatsiya qoshidagi futbol akademiyasi tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga 20 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Bu 150 o‘rinli uch qavatli o‘quv va ma’muriy bino qurish, 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona binosini barpo etish, 48x24 o‘lchamli universal sport zali, 110x78 o‘lchamlardagi bittadan tabiiy va sun’iy qoplamali futbol maydonlarini o‘z ichiga oladi.

Liga rejasiga ko‘ra, Samarqand viloyati hokimligi va Sport vazirligi yordamida Payshanba shaharchasidagi futbol maydoni davlat-xususiy sherikligi asosida Kattaqo‘rg‘on klubiga biriktiriladi. O‘z navbatida klub mazkur maydonni Liga talablariga moslash uchun investitsiya kiritadi. Bunda futbol maydonini to‘liq yangilash, texnik zona va tribunalarni ta’mirdan chiqarish ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, Payshanba shaharchasidagi oromgohning bir qismi klub bazasiga aylantiriladi. Kelajakda Assotsiatsiya yordamida Kattaqo‘rg‘on futbol akademiyasi qoshida 8 yosh toifasida tarbiyalanuvchilar guruhini tashkil etish va unga asosan mahalliy bolalarni jalb qilish, yosh toifalarining har birida minimum 25 nafardan tarbiyalanuvchi bo‘lishiga erishish hamda ularni Liga ro‘yxatidan o‘tkazish rejalashtirilgan.

"Dinamo" futbol klubi esa viloyat futbol maktabi bilan xuddi shu yo‘sinda hamkorlik qiladi. Shu asosda viloyatda bir-biriga raqobat qiluvchi ikkita futbol klubiga asos solinadi.

Ayni vaqtda Liga Kattaqo‘rg‘on futbol klubi bilan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirayotgan bo‘lib, bu o‘z navbatida klubni Pro liga musobaqasiga tayyorlash bosqichini o‘z ichiga oladi.