Kattaqo‘rg‘on shahri hududi kengaytiriladi, o‘rta toifadan katta shaharlar toifasiga o‘tkaziladi

Bundan avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ko‘rib chiqilgan edi.
Senatning bugun o‘tkazilgan o‘ninchi yalpi majlisi ikkinchi kunida Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Ushbu masala aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, buning uchun muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, shuningdek, ijtimoiy soha (maktab, bog‘cha, kasalxona) ob’yektlarini barpo etish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Kattaqo‘rg‘on shahri Samarqand viloyatining geografik nuqtai nazardan shimoliy-g‘arbida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda shahar aholisi soni qariyb 95 ming kishini, umumiy yer maydoni 4,4 ming gektarni tashkil etadi.
Shahar aholisining o‘sish sur’ati oxirgi 5 yilda har yili o‘rtacha 1,1 ming kishini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan 4 mingga yaqin aholi va talabalar istiqomat qiladi. Aholi zichligi 1 kvadrat kilometr maydonga 9,5 kishiga to‘g‘ri kelib, viloyat bo‘yicha aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi.
Shu bois, Senat qarori loyihasida Kattaqo‘rg‘on shahar hududini kengaytirish maqsadida unga chegaradosh bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar, jami 2,9 ming gektar yer maydonini shahar tarkibiga o‘tkazish, shuningdek, Nurobod tumanining Kattaqo‘rg‘on tumani bilan chegaradosh bo‘lgan hududlaridan 600 gektar yer maydonini Kattaqo‘rg‘on tumaniga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Shahar hududining kengayishi natijasida Kattaqo‘rg‘on o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilib, shahar aholisi uchun qulay sharoitlar yaratish, xususan, yangi infratuzilma ob’yektlari hamda ko‘p qavatli turar joy komplekslari barpo etish, urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirish imkoni yaratiladi. Yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektarda 3 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Muhokama yakunida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova.