Kichik qadamlar bilan katta maqsadlarga erishayotgan ayol

Har bir mahallaning yuragi uning fidoyi insonlari sanaladi. Bugun Kattaqo‘rg‘on shahridagi Mehrjon mahallasida shunday fidoyilardan biri, o‘z ishiga muhabbat va jasorat bilan yondashgan Nigora To‘xtayeva nomi hurmat bilan tilga olinmoqda.

Uning qo‘l mehnati, shijoati orqali yaratilgan kichik tikuv sexi bugun nafaqat oilasiga, balki mahalladagi xotin-qizlarga ham foydali maskanga aylandi. Eng diqqatga sazovori Nigora opa o‘z faoliyati orqali 5 nafar xotin-qiz uchun ish o‘rni yaratdi.

Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi deputati Dilafruz Anziratova ijtimoiy soha ob’yektlari, aholi xonadonlarida uchrashuv o‘tkazib, mazkur tikuv sexi faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.

- Menga "Ayollar daftari" orqali berilgan yordam haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi, - deydi Nigora To‘xtayeva. - G‘oyalarim bor edi, lekin imkoniyatim cheklangandi. Menga berilgan qo‘llab-quvvatlash ishimga qanot bag‘ishladi — yangi uskunalar oldim, ishim tizimga tushdi, eng muhimi, atrofimda mehnatga intilgan qizlar jamoasi vujudga keldi. Bugun shu kichik sexda xotin-qizlar ishlayotganini ko‘rib, ruhlanaman, faxrlanaman. Rejalarim katta — ishni kengaytirib, yanada ko‘proq xotin-qizlarga ish va umid bag‘ishlashni niyat qilganman.

Aslida esa bunday misollar yo‘qdan paydo bo‘lmaydi. Ular mehnat, matonat va e’tiqodning mahsuli N.To‘xtayeva kabi ayollar mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning samaradorligini amalda isbot qilmoqda.

Lola Sayidova.