Mevali bog‘larda bordo suyuqligini qo‘llash usullarini bilasizmi?

Bog‘ va tokzorlarda o‘simliklarni kasalliklardan himoya qilishda bordo suyuqligidan foydalanish samarali agrotexnik tadbirlardan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, mevali bog‘larda uchraydigan ko‘plab zamburug‘li kasalliklarning oldini olishda bordo suyuqligi arzonligi, tez tayyorlanishi va yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston iqlim sharoitida mevali daraxtlarga bordo suyuqligi bilan ishlov berish asosan tinim davrida, ya’ni qish oylarida amalga oshiriladi. Bu davrda 3 foizli bordo suyuqligi qo‘llanilishi tavsiya etiladi. Vegetatsiya davrida esa daraxtlarni vaqti-vaqti bilan 1 foizli bordo suyuqligi bilan ishlov berish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ushbu usul bir tomondan kasalliklarning oldini olishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan mavjud kasalliklarning tarqalishini cheklashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, vegetatsiya davrida daraxtlarni 1 foizli bordo suyuqligi bilan ishlov berish katta ahamiyatga ega. Bu eritma o‘simlikka kuchli zarar yetkazmasdan, kasallik qo‘zg‘atuvchilarga qarshi samarali kurashish imkonini beradi.

1 foizli bordo suyuqligini tayyorlash tartibi quyidagicha: 10 litr 1 foizli bordo suyuqligini tayyorlash uchun 100 gramm mis kuporasi va 100 gramm ohak alohida-alohida tortib olinadi. Ohak temir idishda yaxshilab aralashtirilib, taxminan 10 daqiqa tindirib qo‘yiladi. Mis kuporasi esa temir idishda reaksiyaga kirishishi mumkinligi sababli, albatta plastmassa idishda eritilishi lozim.

Ikkala eritma tayyor bo‘lgandan so‘ng, kattaroq plastmassa idishga, avvalo, ohak eritmasi quyiladi. Shundan keyin mis kuporasi eritmasi sekin-asta, doimiy aralashtirib turilgan holda qo‘shiladi. Eritma osmonrang, ya’ni ko‘kimtir tusga kirgunga qadar mis kuporasi qo‘shib boriladi.

Bordo suyuqligini qo‘llash qoidalari: tayyor bo‘lgan 1 foizli bordo suyuqligi qo‘l sepkichi yordamida mevali daraxtlarga bir tekisda sepiladi. Sepish jarayonida ob-havo sharoiti, ayniqsa yog‘ingarchilik holati albatta inobatga olinishi lozim. Yomg‘irli kunlarda ishlov berish samarasiz bo‘lishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, bordo suyuqligidan to‘g‘ri va o‘z vaqtida foydalanish mevali bog‘larda kasalliklarning oldini olishda yuqori samara beradi hamda hosil sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Odiljon Shomurodov,

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Past Darg‘om tumani bo‘limi fitosanitar nazorati davlat inspektori.