Xavfli yo‘laklar: Nima uchun kafel muz va qorga moslashtirilmaydi?

Qish avjida. Bugun tong odamlarni kuchli qor bilan qarshi oldi. Havo qanday bo‘lmasin, odamlar ish yoki boshqa yumushga otlangan. Kimdir mashinada, kimdir avtobus, yana kimdir piyoda. Ana shunaqa chiroyli qish fonida hafsalani pir qiladigan hodisaga guvoh bo‘ldim.

Samarqand shahridagi Yusuf Hamadoniy ko‘chasida, yo‘l chetida qator maishiy xizmat markazlari, jumladan xususiy ingliz tili maktabi bor. Ana shu maktab oldidagi piyodalar yo‘lagi (trotuar)ga kelganda bir kishi, sekin yurib borayotgan bo‘lsa-da, noxosdan butun bo‘yi bilan chalqanchasiga yiqildi. Uni turg‘azishga oshiqdik va o‘zimiz ham yiqilishimizga oz qoldi, chunki piyodalar yo‘lagi oynaday silliq edi.

Yo‘lovchi boshiga qattiq zarba yeganini aytib, kafel qo‘yganlarni so‘kib, g‘udranib gandiraklagancha yo‘lida sekin davom etdi. 

Savol tug‘iladi: Nega yo‘lakka kafel yotqizilganda qor va muz e’tiborga olinmaydi? Kun davomida bu yo‘lakdan necha kishi o‘tib o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi? Bunday holatda inson salomatligiga jiddiy zarar yetsa kim javob beradi? 

Yana bir gap: chet elda, masalan, Rossiyada tongdan hamma trotuarlar qordan tozalanadi. Shaxsiy firma bo‘ladimi, davlatga qarashlimi, farqi yo‘q. Odamlar yuradigan yo‘laklar ertalab toza bo‘lishi kerak. Bizda esa faqat avtoulovlar yuradigan yo‘lga qum-tuz sepiladi, yo‘laklarga e’tibor berilmaydi, hech kim trotuarlarni tozalamaydi. Nima uchun?

Gulnora Xoldorova.