O‘limdan qaytganlar: hayotda ro‘y bergan aqlbovar qilmas mo‘’jizalar
1985 yil bahorida Italiyada sodir bo‘lgan hodisa butun tibbiyot xodimlarini hayratda qoldirdi...
Xavaskor baliqchi odatdagidek daryo bo‘yida baliq ovlab o‘tirgan paytida suvda suzib yurgan ayol jasadini ko‘rib qoladi. Uni zudlik bilan sohilga chiqarib, qutqaruv xizmatiga xabar beradi. Qutqaruvchilar ayolni hushiga keltirish uchun bor kuchini ishga soladi, ammo urinishlar samara bermaydi. Vrachlar o‘limni qayd etishadi va jasad o‘likxonaga jo‘natiladi.
Ammo yo‘lda kutilmagan hol yuz beradi — “o‘lik” deb hisoblangan ayol qichqira boshlaydi. Uni shoshilinch ravishda tibbiy markazga olib kelishadi va ko‘rsatilgan yordam tufayli ayol hayotga qaytadi.
Yaqin o‘tmishgacha olimlar suvga cho‘kkan odamni 10–15 daqiqa ichida qutqarib qolinmasa, u albatta halok bo‘ladi, deb hisoblashgan. Ammo Finlandiyada sodir bo‘lgan voqea bu qarashlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Xamyalaynen ismli fin bolakay muzlagan daryoga cho‘kib ketadi. Uni bir soatdan ortiq vaqt o‘tibgina suvdan chiqarib olishadi. Shifokorlar sun’iy nafas oldirib, yuragini uqalashadi. Uzoq urinishlardan so‘ng bolakay ko‘zini ochadi. Ikki kun ichida esa to‘liq o‘ziga keladi.
Shunga o‘xshash yana bir ajabtovur hol Vatikanda xizmat qiluvchi Luiji Vitario bilan bog‘liq. U kuchli astma xuruji sabab Rim shifoxonasiga olib kelinadi. Vrachlar uning o‘lganini qayd etib, o‘likxonaga jo‘natishadi. Ammo shifokorlardan biri bunga shubha bilan qaraydi va apparatlar ko‘rsatkichiga to‘liq ishonmaydi. U o‘likxonaga borib, sham yoqadi va uni bemorning burniga yaqinlashtiradi. Kutilmaganda “o‘lik” aksa uradi, ko‘zini ochadi va hayotga qaytadi. Keyinchalik u haloskor vrachga minnatdor bo‘lib, yana ko‘p yillar umr kechiradi.
Bu voqealar shundan dalolat beradiki, inson hayoti va o‘limi hanuz to‘liq o‘rganib bo‘linmagan sirli jarayon. Ilm taraqqiy etgan sari “imkonsiz” deb hisoblangan holatlar ham yangi ma’no kasb etmoqda.
T.Shomurodov tayyorladi.