Xurmodan daromadga: Samarqand olimlari Yaponiya tajribasini qishloq xo‘jaligiga joriy etmoqda
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari “Samarqandda xurmo mevasini quritish orqali qishloq aholisi daromadini oshirish” xalqaro loyihasi doirasida Yaponiyaga bordi.
Institut vakillari dastlabki kun O‘zbekiston-Yaponiya do‘stlik assotsiyasiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchilari Fumihiko Kato, Takeshi Xattori, O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlayotgan Yaponiyadagi tashkilot va korxonalar vakillari hamda Yaponiyadagi o‘zbek vatandoshlari ishtirok etdi. Tadbirda kelgusidagi hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha kelishildi. Shuningdek, Yaponiyaning turli universitet va biznes vakillari bilan kelgusida ta’lim, tadqiqotlar, yapon va o‘zbek madaniyatlarini ikki mamlakatda targ‘ib etish, agrar sohada sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Yaponiyada o‘qiyotgan, tadqiqot olib borayotgan talaba va doktorantlar bilan kelgusi rejalar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, Nara prefekturasi Goju tumanidagi “Land” kompaniyasida o‘rganilgan tajribalar asosida “Agrobank” ATB bilan institutda o‘zbekistonlik dehqonlar uchun trening kurslari tashkil etishga kelishib olindi.
Institut vakillari Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti rahbariyati bilan ham uchrashdi. Muzokaralar davomida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida professor-o‘qituvchilar almashinuvi, tuproqshunoslik va ekologiya bo‘yicha yangi tashabbusli loyihani ishga tushirish, Yaponiya universiteti mablag‘lari asosida magistr va doktorantlar stajirovkasini yo‘lga qo‘yish, JICA, JIRCAS (Yaponiya qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar markazi) moliyaviy ko‘maklari asosida hamkorlikni davom ettirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xalqaro loyiha doirasida Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan universitet hududida joylashgan tadqiqot maydonida xurmo daraxtini kesish va unga shakl berish borasida seminar-trening tashkil etildi.