Xalqaro tajriba — mahalliy rivoj yo‘lida
Bugun qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda investitsiyalarni jalb etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va uni mahalliy sharoitga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan kecha, 27 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasining “Dayu Irrigation” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida qishloq xo‘jaligida suv tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda “Agrobank” ATB tomonidan tadbirkorlar va fermerlar uchun yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar xususida atroflicha fikr almashildi.
Ma’lumki, “Dayu Irrigation” kompaniyasi tomchilatib sug‘orish va suvni tejashga qaratilgan ilg‘or yechimlari bilan jahon amaliyotida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Ushbu tajribani Toyloq tumani sharoitida joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish mumkin.
Uchrashuv davomida hamkorlik doirasida tumanda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbuslar hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, fermer va tadbirkorlar daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Muhiba SAYFIDDINOVA,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.