“Shirkat”larga reyd: kimda kamchilik, kimda namuna

Hozirgi sovuq kunlarda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, ayniqsa ko‘p qavatli uy-joylarga mas’ul boshqaruv servis kompaniyalari hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati oldidagi mas’uliyat ortadi.

Viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi bu boradagi ishlarni o‘rganish, xizmat ko‘rsatish sifatiga baho berish maqsadida tungi reyd tadbirlari o‘tkazildi. Unda ayrim tashkilotlarda ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilgani, boshqalarida esa jiddiy kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, Samarqand shahrining Registon mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “Registon plyus” MChJ boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati tekshirilganda, ishlar umuman olganda qoniqarli tashkil etilgani kuzatildi. Ayrim kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tushuntirish va tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, Qorasuv massivida faoliyat yuritayotgan “Yangi uylar servisi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatida mavsumga tayyorgarlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Qum-shag‘al aralashmasi kun davomida ishlatilgani, hozirda esa yana qo‘shimcha zaxira yaratish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.

Biroq, shu massivdagi “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatida qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Xususan, 24/7 dispetcherlik xizmati talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Zarur asbob-uskunalar va qum-tuz zaxirasi mavjud emasligi, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish joylari hamda piyodalar yo‘laklarini qordan tozalash, inert materiallar sepish ishlari bajarilmagan.

Bu holat mazkur boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan mavsumiy mas’uliyatga yetarli e’tibor qaratilmayotganini ko‘rsatadi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan kompaniya mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

Reyd tadbirlari aholi xavfsizligi va qulay yashash sharoitini ta’minlashda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi va rejali tarzda davom ettiriladi.

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal nazorat inspeksiyasi axborot xizmati.