Sabr va matonat bilan o‘z yo‘lini topgan inson qissasi
Ishtixon tumanining Yangikent mahallasida tashkil etilgan maishiy texnika ustaxonasi shu hududda yashovchi odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qildi. Sababi, shu paytgacha ular televizor yoki telefonini tuzatish kerak bo‘lsa, tuman markaziga olib borishga majbur edi.
Ahamiyatlisi, bu ustaxonani birinchi guruh nogironi Shuhrat Normurodov tashkil etgan.
- Bolaligimda poliomiyelit kasalligiga chalinib, shu ahvolga tushib qolganman, - deydi u. – Yetti yoshimda davolanishim va o‘qish-yozishni o‘rganishim uchun ota-onam meni Toshkentdagi maxsus shifoxonaga olib borgan. U yerda besh yil davomida muolaja va boshlang‘ich ta’lim oldim. Qishloqqa qaytgach, men uchun hayot juda zerikarli bo‘ldi. Maktabga qatnaydigan tengdoshlarimni ko‘rib, ularga havas qilardim. Men ham uyda o‘tirib bo‘lsayam nimadir qilishim va ulardan kam bo‘lmaslikka intilish kerakligi haqida ko‘p o‘ylardim. O‘n to‘rt yoshimda radiotexnika apparatlarini tuzatishga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘ldi. Bir usta akamga shogird tushdim. Avvaliga, 12 vattli, hayot uchun xavfsiz bo‘lgan oddiyroq radiopleyerlarni ta’mirlashni o‘rgandim. Keyinchalik magnitofon va televizorlarni ham tuzata boshladim. Bu jarayonda anchagina qiyinchiliklarga duch kelganman. Televizorlarning ekranlari sinib yoki kuyib qolishlari ko‘p bo‘ldi, ammo ortga chekinmadim. 16 yoshimda qishloqda “televizor usta” degan nomga ega bo‘ldim.
Mahallada bu ustani hamma birdek hurmat qiladi. U yillar davomida asta-sekin tajriba to‘plab, aholi orasida ismiga monand shuhrat qozonib kelyapti.
- Maktabda oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlardim, - deydi mahalla raisi Saidahmad Omonov. – Qishloq kayvonilarining maslahati bilan ikki yil oldin o‘tkazilgan saylovda oqsoqollikka nomzodimni qo‘ydim va rais bo‘ldim. Lekin raislik osonmas ekan. Endigina ish boshlagan paytimda qo‘l telefonim tinimsiz jiringlardi. Kimki murojaat qilsa, qandaydir yordam so‘rardi. Qonun doirasida haqiqiy muhtojlarga ko‘maklashishga harakat qilardim, ammo bunday kishilar mahallamizda kamchilikni tashkil qiladi. Yordam so‘raydiganlarning ayrimlari sog‘lom, baquvvat, gektar-gektar uzumzorlari bor, o‘ziga to‘q oilalar vakillaridan edi. Qaysidir hayit bayramidan ikki kun avval, erta tongda telefonim jiringladi. Asabiy holatda ko‘tardim. Mulk qishlog‘ida yashovchi Shuhrat aka ekan. Salom-alikdan keyin u kishiga nima yordam kerakligini so‘radim. U esa hech qanaqa yordam kerakmasligini, aksincha, mahallada ko‘makka muhtojlar bo‘lsa, ular uchun ehsoni borligini aytdi. To‘g‘risi, ko‘zimga yosh keldi.
- Biror marta qaysidir tashkilotga yoki sayyor qabulga yordam so‘rab murojaat qilmaganman, - deydi Sh.Normurodov. – Oyoqlarim harakatsiz bo‘lsa-da, o‘zimni nogiron his qilmayman. Bolaligimdan birovga muhtoj bo‘lmaslikka harakat qildim. Hozir topish-tutishim yaxshi. Avvallari faqat televizor va radio tuzatgan bo‘lsam, bugungi kunda zamonaviy telefonlar, changyutgich, kir yuvish mashinasi, dazmol va boshqa turli maishiy texnika vositalarini ta’mirlash qo‘limdan keladi. Bu hunarni chuqur o‘rganish uchun 20 yil vaqt sarfladim. Haliyam izlanishdan to‘xtaganim yo‘q. Ota-onam ko‘magi bilan hovlimiz yaqinida ustaxona qurildi va zarur sharoitlar yaratildi.
Shuhrat Normurodov oilali. Ikki nafar farzandi bor. U turmush o‘rtog‘idan minnatdor.
- Yangangiz sog‘lom, u bilan tanishishimiz qiziq bo‘lgan, - deydi Shuhrat aka kulib. – Men bir mijozga telefoni tuzatilishi uchun ekran almashtirilishi kerakligini aytmoqchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilganman. Adashib boshqa bir qizga tushib qolibman. Buni qarangki, uning ham zamonaviy telefoni ustada bo‘lgan, faqat boshqa ustada. Shu tariqa u bilan tanishib qolganman. Bir muddat telefon orqali suhbatlashib yurdik. Keyin munosabatlar mustahkamlana boshlagach, ahvolimni tushuntirdim. Shundan so‘ng bu qiz menga qaytib telefon qilmasa kerak deb o‘yladim. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Agar istasam, u menga turmushga chiqib, umr bo‘yi birga yashashga rozi ekanligini aytdi. To‘y qildik. Turmush o‘rtog‘im tuman tibbiyot birlashmasida hamshira. Ham ish, ham ro‘zg‘or tashvishlari, shuningdek, menga e’tibor qaratishga ulguradi. Undan minnatdorman.
Shuhrat aka kamtarligi va o‘zini sog‘lom his qilib yurishi uchun ham shu paytgacha nogironlar aravachasida o‘tirmagan ekan.
- Yaqinda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari taklifi bilan ko‘rikdan o‘tish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga bordim, - deydi qahramonimiz. – Ko‘rikdan o‘tgach, nogironligim aynan poliomiyelit kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, ya’ni qo‘llarim harkatlanishi sustligi sababli markaz mas’ullari menga akkumulyator bilan yuradigan nogironlar aravachasi berilishini aytdi. Ularning bu taklifini rad etmadim. Yoshim ham qirqdan oshgan, qish kunlarida qo‘ltiqtayoq bilan muzda yurish qiyinroq bo‘lyapti. Umuman, keyingi paytlarda mamlakatimizda biz kabi imkoniyati cheklanganlarga qaratilayotgan e’tibordan mamnunman. Qo‘limdan kelgancha xalqimiz uchun xizmat qilishga, sohaga qiziqishi bo‘lgan yoshlarni shogirdlikka olib bilganlarimni o‘rgatishga harakat qilaman.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).