Qish yaqin, aholi ko‘mirni qayerdan oladi?

Viloyatimizda kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir yetkazib berish byudjet tashkilotlariga may oyidan, aholiga esa sentyabr oyidan boshlangan edi.
Mavsum uchun byudjet tashkilotlariga 67 ming tonna, aholiga 166,5 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ayni damda maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga 54716 tonna, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashkilotlarga 7434 tonna, oliy o‘quv dargohlariga 2725 tonna ko‘mir yetkazib berilgan. Jumladan, Ishtixon, Narpay va Samarqand tumanlari ijtimoiy soha ob’yektlariga 14 490 tonna ko‘mir yoqilg‘isi berilgan.
Aholiga “Ko‘mir ta’minot” MChJ viloyat filialiga qarashli 8 ta ko‘mir ombori va 4 ta savdo shoxobcha orqali ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Bugunga qadar 7753 tonna, ya’ni 4,7 foiz tarqatilgan. Hozirda ko‘mir omborlarida 1457 tonna ko‘mir jamg‘arilgan. Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va qulaylik yaratish maqsadida filial tomonidan yuk mashinalari hamda avtoyuklagichlar jalb etilgan. Mo‘ljallangan ko‘mir mahsuloti mahallalar tomonidan berilgan va tuman hokimliklari tasdiqlagan jadval asosida tarqatilmoqda. Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida mahalliy ko‘mirning 1 tonnasi narxi 309 ming 80 so‘m etib belgilangan.
Yaqinlargacha yarim millionlik Urgut tumani aholisi, ayniqsa, tog‘li hududda yashovchilar kuz-qish oylarida uylarini isitish uchun ko‘mir yoki o‘tin izlab sarson bo‘lishardi. Tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan mazkur tumanning mahalla va qishloqlari ahli daraxt kesib, o‘tin qilishga majbur bo‘lishardi. Yoki tadbirkorlardan qimmat narxdagi xorijdan olib kelingan ko‘mir mahsulotlarini xarid qilishardi.
- 2-3 yildan buyon bunday sarsongarchilikka chek qo‘yilgan, - deydi Mahallalar uyushmasi Urgut tuman bo‘limi mutaxassisi Rofi Turdimurodov. – Joriy yilda ham kuz-qish mavsumi uchun tumanimiz aholisiga ko‘mir yoqilg‘isi tarqatilishi yuzasidan yetarlicha ishlar tashkil etilgan. Iste’molchilar "Jarqishloq" va "Bunyodkor" ko‘mir tarqatish shoxobchalaridan, shuningdek, Samarqand shahridagi "Zarafshon" ko‘mir omboridan elektron ro‘yxat asosida ko‘mir xarid qilishlari mumkin.
Mavsumda tumanning 116 ta mahallasida yashovchi aholi ehtiyoji uchun 62 ming 665 tonna ko‘mir va ko‘mir mahsulotlari tarqatish ko‘zda tutilgan. Dastlab chegara va tog‘li hududlarda joylashgan Omonqo‘ton, Tersak, Qoratepa mahallalari aholisi ta’minlanmoqda.
Tuman aholisi sonining yildan-yilga oshib borishini e’tiborga olgan holda temiryo‘l o‘tgan Jartepa mahallasida ham yangi ko‘mir ombori qurish rejalashtirilgan. Qurilish uchun yer maydoni ajratilib, loyihalash ishlari olib borilmoqda.
- Bir hovlida 3 oila istiqomat qilamiz, - deydi tumanning O‘raxo‘ja mahallasida yashovchi 82 yoshli Malla bobo Umarov. – Ilgari ko‘mir topish qiyinligidan har yili bog‘imizdagi daraxt va toklardagi ortiqcha shox-shabbalarni kesib, qishga yetadigan o‘tinni g‘amlab qo‘yardik. Endi bo‘lsa qishlog‘imizga yaqin joylashgan "Bunyodkor" ko‘mir shoxobchasidan kerakli miqdorda ko‘mir olamiz.
Tumanning chegara hududda joylashgan Quyiqishloq, Chumchuqli va Jar qishloqlarining 20 mingga yaqin aholisiga 350 tonna sig‘imga ega "Jarqishloq" ko‘mir shoxobchasi xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgacha 125 ta xo‘jalikda yashovchi aholiga 250 tonna ko‘mir sotildi.
"Bunyodkor" ko‘mir shoxobchasi tumanning Beshbuloq, Jo‘rabtepa, Mirzaqishloq kabi mahallalarining 2150 ta xonadonini ko‘mir bilan ta’minlab kelmoqda. Hozirgacha 100 dan ziyod fuqaroga ko‘mir sotilgan bo‘lsa, yana 110 tonna ko‘mir zaxirasi yaratilgan. Urgutliklar elektron ro‘yxat asosida xohlagan paytida kelib xarid qilishlari mumkin.
Dilmurod To‘xtayev.