Yolg‘iz ona qismati haqida hikoya yoki ijtimoiy himoya mehrning o‘rnini bosa oladimi?
“Anzirat, yana bir tushiraymi?!”.
Xalqimiz sevib tomosha qiladigan “Suyunchi” filmidagi Hojimurod otaning o‘g‘li nega kaltak yegani esingizdami?
Uch oydan beri kasalxonada yotgan otasini borib ko‘rmaganligi uchun. Shunda Anzirat ona “...Kun-u tun derazaga qarab, mo‘ltillab yotadi. Nega shu vaqtgacha tuzalib ketmadi, deb xayolingga ham keltirmadingmi aqalli?”, deya bemehr farzandni koyiydi. Keyinchalik insofga kirgan o‘g‘lining g‘amxo‘rligi sababli sog‘ayib ketgan Hojimurod ota Anzirat onaga “Eshitishimcha, o‘g‘limni xafa qilibsan. O‘g‘lim yaxshi, baraka topsin. Hattoki, kasalxonaga meni ko‘rgani borib, yangi piyola bilan choynak olib keldi-ya”, deydi.
Har gal yakka-yolg‘iz keksalar bilan muloqot qilganimda xayolimda filmning aynan shu epizodlari gavdalanadi. Balki yolg‘iz keksalar farzandlarini kutib, sog‘inib yashayotganligi, keraksiz, eskirgan buyumdek tashlab ketishgan bo‘lsa-da, gina-kudurat saqlamasligini bilganim uchundir. Balki bugun Anzirat onadek mahallasining “vijdon”iga aylana oladigan insonlar kamligi, beshafqat, bemehr farzandlarni insofga chaqiradigan oqsoqollar kamayib ketganligi sabablidir. Qiyin mulohaza. Lekin bir narsa aniq - hech bir ota-ona bunday xo‘rliklarga loyiq emas.
Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 87 yoshli Bahora (ismi o‘zgartirildi) aya yaqin-yaqingacha chiqindixonalardan oziq-ovqat qoldiqlarini terib kun ko‘rgan ekan. Uyi bo‘lsa bor, ammo unda o‘zidan boshqa yaqini yo‘q. Erta tongdan qo‘liga eski paqirchasini olib, ko‘cha kezadi, chiqindixonalarni titkilaydi. Bu faqat kinolarda bo‘ladigan uydirma yoki bo‘rttirib ko‘rsatilgan voqeaga o‘xshaydi. Lekin biz hozir aniq inson va aniq holat haqida gapiryapmiz.
Bahora aya yolg‘iz ona, ikki farzandini erta tuproqqa qo‘ygan. Yagona o‘g‘li esa ulg‘ayib, Rossiyaga ishlash uchun ketganu qaytib kelmagan. Uning katta bir hovlida, o‘nlab yillarni yolg‘izlikda qanday o‘tkazganligini tasavvur qilish qiyin. Bunday hayot tarzi onaxonning ruhiyatiga ham salbiy ta’sir qilgan. Biroq u hech kim bilan yaqin muloqotga kirishishni istamagan va yordam qo‘lini ham qabul qilmagan. Buning sababi bor va u qalblarni junbushga keltiradigan darajada asosli.
- Onaxonni chiqindi qutilarini titkilab yurgan vaqtida topganman, - deydi tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi assistenti Ozoda Ziyodova. – Keyin u ijtimoiy himoyaga olindi, unga g‘amxo‘rlik qilish vazifasi ham o‘zimga ishonib topshirildi. Boshida u bizni uyiga ham kiritmas, muloqotga kirishmoqchi bo‘lsak, jig‘ibiyron bo‘lib, haqorat qilishga tushardi. Ko‘pchilik uni ruhiy kasalga chiqardi. Keyin bilsak, onaxon atrofidagilarga atay shunday qo‘pollik qilar ekan. U soxta mehribonlar uyini tortib olishidan qo‘rqqan. Bungacha ko‘plab shunday odamlar unga uyni nomiga o‘tkazib berishi evaziga g‘amxo‘rlik qilish taklifini beraverib, jonidan to‘ydirgan. Yolg‘iz ona, yolg‘iz ayol o‘zini boshqacha yo‘l bilan himoya qilishi qiyin edi. Onaxon doim uyim o‘g‘limga qolishi kerak, bo‘lmasa u qiynalib qoladi, deya takrorlaydi.
Tasavvur qilyapsizmi, ona uni yolg‘iz tashlab ketgan farzandini o‘ylayapti. Uni ayblamayapti, gina ham qilmayapti. Umrimning oxirida bo‘lsa ham ko‘rib, omonatimni topshirsam edi, deyapti.
Bugungi kunda viloyatimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa, yolg‘iz yashovchi va nogironligi bo‘lgan shaxslar 1901 nafarni tashkil qiladi. Har birining o‘z hikoyasi, haqiqati bor. Ular uyiga hisobot uchun sovg‘a-salom bilan keladigan odamlarga qalbini ochmaydi. Ular sotqinlik, aldov va soxtagarlik nima ekanligi va oqibatlarini sinab ko‘rishgan, hech kimga ishonmaydi. Ular maqolangiz uchun chiroyli intervyu ham bera olmaydi. Ularga yordam berishdan oldin buni tushunishingiz, hayot sinovlari qarshisida yolg‘iz qolgan insonlarning kechinmalarini, oz bo‘lsa-da, his qilishga o‘rganishingiz kerak.
— Tumanimizda yolg‘iz yashovchi keksalar 56 nafarni tashkil qiladi, - deydi Nurobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bosh mutaxassis psixologi Nigora Hayitova. - Faoliyatimiz davomida turli vaziyatlarga duch kelamiz. Lekin bir narsa aniq, yolg‘iz keksalar bilan ishlash oson emas. Sababi, ular bu davrda yosh boladek ta’sirchan bo‘ladi. Shunga qaramay, hech kimga ishonishmaydi. Hayot qiyinchiliklarining asorati bu. Jarayonda eng mas’uliyatli vazifa assistentlar zimmasiga tushmoqda. Ular o‘ziga biriktirilgan keksalarning ishonchiga kirishi, har qanday holatda ham o‘ziga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarishi kerak. Shuning uchun biz jamoamiz bilan ham psixologik kurslar o‘tkazib, ularni ham ruhiyatini himoya qilishimiz, ham ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni o‘rgatib borishimiz kerak.
Darhaqiqat, ijtimoiy sohaga qaratilayotgan e’tibor jamiyatda farovonlik ko‘rsatkichi oshishi, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtojlarning hayoti yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Lekin u insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibatning o‘rnini bosa oladimi? Bir mayizni qirq bo‘lib yegan elda ota bolasi uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa, ona bolasini tashlab xorijga qochib ketsa, bolalar ulg‘ayib, ota-onasini yolg‘iz qoldirsa, qayerga qarab ketyapmiz, deging keladi.
Psixologning ta’kidlashicha, davlatning ming qilgani, farzandning bir qilgani o‘rnini bosa olmaydi. Kuzatuvlarimiz davomida buning isbotini ham ko‘p ko‘rdik. Ota-ona, nobakor bo‘lsa-da, o‘z farzindini ardoqlaydi va undan mehr kutadi. “Tipratikan bolasini yumshog‘im deydi”, “Qo‘ng‘iz bolasini oppog‘im deydi”, degan naqllar ham shundan. Har kimga o‘ziniki aziz.
— Yolg‘iz yashovchi keksalarni ijtimoiy himoya qilishning muhim yo‘nalishi – uning qarindoshlari bilan aloqani tiklash hisoblanadi, - deydi Nigora Hayitova. – Albatta, birinchi navbatda ularning farzandlari qidiriladi. Topsak, suhbatlashib, insofga chaqirishga harakat qilamiz. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bunday vaziyatga ko‘pincha farzandlarning ilmsizligi sabab bo‘ladi. Ularga lozim darajada ta’lim va tarbiya bermagan, hayot faqat moddiyatdan iborat, deb o‘ylagan ota-onalar ko‘proq shunday ahvolda qoladi. Tushuntirish ishlaridan keyin xatosini anglab, ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishni boshlaganlar borligining o‘zi katta yutug‘imiz.
Globallashuv jamiyatimizni ham o‘zgartirib bormoqda, buni inkor etib bo‘lmaydi. Shiddatli bu jarayonda mehr va oqibat, samimiyat, oriyat va boshqa insoniy fazilatu tuyg‘ular unutilyapti. Mahallada gap bo‘lamanku, odamlarni yuziga qanday qarayman, deydigan odamlar kam qoldi. Hech kim hech kimdan uyalmaydi, manfaat oriyatdan ustun kelmoqda. Shunday ekan bu muammoni ijtimoiy xizmatning o‘zigina hal qila olmaydi. Shu ketishda bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar soni faqat ortadi. Biz uning asosi, kelib chiqish sababini bartaraf etishimiz, xususan, to‘g‘ri yashashning unutilgan milliy modelini qayta tiklashimiz kerak. Hozir esa ishni ota-onasini qarovsiz qoldirganlarni majburiy tartibda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yoki “Saxovat uylari”da volontyorlik qilish, psixolog qabuliga qatnashni qonun darajasida mustahkamlashimiz zarur. Boisi, boshqa majburlash yo‘llari ularda mehr uchqunini hosil qila olmaydi. Va, aksincha, mehr yoki pul berishga majburlash teskari natija berishi mumkin. Shunday ekan, ularga keksalik nima ekanligini va o‘zlari hayotining ayni davrida qanday yashashni istashlarini amaliy tarzda ko‘rsatishimiz kerak.
Bahora aya masalasiga kelsak, uni oxirgi marotaba ko‘rganimizda tuman shifoxonasida davolanayotgan edi. Assistent Ozoda Ziyodova har doimgidek uning yonida. Aytgancha, Ozoda opa onaxonning xorijdagi o‘g‘li bilan bog‘lanishga erishibdi. Tushuntirish ishlaridan keyin u ma’lum muddatga bo‘lsa-da, uyiga qaytishga rozi bo‘lgan. Bu xabarni eshitgan Bahora ayadan baxtliroq ona bo‘lmasa kerak.
Asqar Barotov.