2030 yilgacha ekologiyada qanday natijalarga erishamiz?

Jahon iqlimshunoslarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib dunyoda harorat 1,5 darajaga ortadi. Bu birgina Yevropada mo‘’tadil iqlimning o‘zgarishi, dengiz bo‘yida joylashgan davlatlarda yerning qisqarishi, muzliklarning erishiga olib keladi.

Hozirning o‘zida me’yordan ortiq issiq tufayli dunyoda yong‘inlar natijasida har yili Gretsiya hududiga teng o‘rmonlar yonib ketmoqda.

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan o‘tkazilgan Prezidentimizning 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash va viloyatdagi boshqarma, korxona, tashkilot xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan seminarda bildirildi.

Dunyoda ekologik vaziyat og‘irlashib, chiqindi to‘planishi, qurg‘oqchilikning ortishi kuzatilmoqda, - deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Davlatimiz rahbari buni e’tiborga olib mamlakatimizda barqaror ekologik vaziyatni saqlash, fuqarolarda ekologiya - tabiatga bo‘lgan munosabatni yaxshilashga qaratilgan qaror qabul qildi. Ushbu qaror bilan 2030 yilgacha 3,3 million nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatning shakllantirish, 4,2 million nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyaning mustahkamlanishi, ekologik madaniyatning yuksalishi nazarda tutilgan. Shuningdek, 400 ming nafar o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyaning mustahkamlanishi, 1,9 million nafar oliy ta’lim tizimi tashkilotlari talabalarida va 90 foiz davlat organlari, korxona va muassasalari xodimlarida ekologik madaniyatning yuksalishiga erishish ko‘zda tutilgan.

Seminar davomida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari ham ekologik vaziyatni yaxshilash borasida ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.