Yangi loyiha: Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va yoshlarning mustaqil hayotga tayyorgarligiga ko‘mak

2024–2026 yillarda “Samarqand viloyatida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va yoshlarning hayotda muvaffaqiyatga erishishlari uchun munosib yordam ko‘rsatish” mavzusidagi yangi ijtimoiy loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Loyiha SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari uyushmasi va Avstriyaning SOS Kinderdorf International tashkiloti hamkorligida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi — viloyatdagi ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni mustaqil hayotga tayyorlashga yordam berish, ta’lim, kasbga yo‘naltirish va jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Tadbirda davlat idoralari, mahalliy va nodavlat tashkilotlar va sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etib, ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish, bolalarning ta’lim olishi va kasbga yo‘naltirilishi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashishdi.

SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari uyushmasining Samarqand shahar filiali direktori Dilrabo Davronovaning ta’kidlashicha, bugungi kunda 138 mamlakatda faoliyat yurituvchi xalqaro SOS Kinderdorf tashkiloti vasiyligidagi bolalar tarbiyasi samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 20 yil mobaynida tarbiyalangan bolalarning hech biri salbiy ijtimoiy holatga duch kelmagan, ular jamiyatda o‘z o‘rnini topib, oila qurgan holda hayot kechirmoqdalar.

- Loyiha dastlab tajriba sifatida Samarqand shahrida amalga oshirilmoqda, - deydi D.Davronova. - Tashkilotimiz tomonidan “Bolalarni muqobil parvarish qilish xizmati”, “Ijtimoiy yetimlikni oldini olish” va “Yoshlarga hamrohlik qilish” kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 8 ta oilaviy bolalar uyida 57 nafar bola, qisqa muddatli parvarish asosida 11 nafar bola tarbiyalanmoqda va 6 ta oilaviy bolalar uyidagi 31 nafar bolaga hamrohlik xizmati ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy yetimlikning oldini olish maqsadida Samarqand shahri mahallalari bilan hamkorlikda 358 ta oila va 886 nafar bola qamrab olingan. Samarqand shahridagi turli mahallalarda ijtimoiy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qiyin holatdagi oilalarga sifatli ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Yoshlarga hamrohlik qilish xizmati doirasida 62 nafar 16 yoshdan katta yigit-qizlar kasbiy yo‘nalish, hayotga tayyorgarlik va turarjoy bilan ta’minlash kabi masalalarda qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ra’no Toshniyozovaning ta’kidlashicha, bolalarni zo‘ravonlikdan asrash, yolg‘iz yoki ehtiyojmand bolalar uchun oilaviy tarbiya muhitini yaratish maqsadida mahalla faollari, ijtimoiy xodimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Sharq ayoli” xalqaro jamoat fondi tomonidan shahardagi beshta maktabda 2000 nafar 7-11-sinf o‘quvchilari psixologik testdan o‘tkazilgan. Natijada bolalarning 30 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj ekanligi aniqlangan va ularga mutaxassislar biriktirilgan. Kelgusida bu kabi loyihalarni kengaytirish, bolalarning sog‘lig‘i va ruhiy holatidagi muammolarni erta aniqlash va bartaraf etish rejalashtirilgan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.