Quyosh panelidan kim qancha foyda ko‘ryapti?
Bulung‘ur tumanida 2023 yildan beri 800 dan ziyod ob’yektga 7432 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi. Jumladan, 570 ta aholi xonadonida shunday qurilmalardan foydalanilmoqda.
Joriy yilda tumanimizda 4710 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirilgan edi, - deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha mutaxassisi Jasur Yoqubov. – Yilning o‘tgan davrida 239 ta ob’yektga 4066 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatdik.
Tumanning Chorbog‘ mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Ikrom Mamatqulov bundan 3 yil avval xonadoniga o‘rnatilgan quyosh panelidan samarali foydalanib kelyapti.
- Oilamiz katta, shuning uchun ham elektr energiyasiga talab yuqori, - deydi u. – 10 kVt quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatganmiz. O‘g‘lim fermer, uning yuk tashuvchi elektromobili bor. O‘zim ham yaqinda elektr energiyasi bilan harakatlanadigan yengil avtomobil sotib oldim. Ularni quvvatlash, shuningdek, maishiy texnikalarimiz uchun kerakli bo‘lgan elektr energiyasini quyosh paneli yetkazib beryapti. Yoz oylarida ortyapti ham. Ortiqcha energiyani davlatga sotyapmiz. Oyiga 200-300 ming so‘m mablag‘ plastik kartamga tushyapti. Soliq mobil ilovasi orqali jarayonlarni kuzatib boraman. Buni yaqinlarimga ham o‘rgatganman. Ukalarim, farzandlarim ham o‘z xonadonlariga quyosh paneli o‘rnatdi. Bir o‘g‘limning hovlisi ochiq hududda joylashgan. Unda ham 10 kVt quvvatga ega qurilma bor. Ro‘zg‘oridan ortganini davlatga sotib, oyiga 1 million so‘m atrofida pul tushiryapti.
Tumanda o‘z xonadonlariga quyosh paneli o‘rnatgan, ammo uning foydasini sezmayotgan fuqarolar ham topiladi.
- Ularning noroziligiga sabab qurilmadan foydalanish bo‘yicha to‘liq tushunchaga ega emasligi, - deydi mutaxassis J. Yoqubov. – Quyosh paneliga ham e’tibor kerak, vaqtida tozalab, yuvib turish kerak. Masalan, bir fermer o‘rnatgan quyosh paneli foyda bermayotganligidan shikoyat qilib, yuqori tashkilotlarga murojaat qilgan. Joyiga borib o‘rganganimizda panelning usti chang bosib ketganligini ko‘rdik. 15 kVt quvvatga ega qurilma bor-yo‘g‘i 2 kVt elektr energiyasi ajratib beryapti. Quyosh paneli changdan tozalangandan keyin muammoga yechim topildi. Yana bitta kam ta’minlangan oila uchun homiylar tomonidan 1 kVt quvvatli quyosh paneli o‘rnatilgan. Xonadon sohibasi me’yoridan ortiq energiya talab qiladigan elektr plitasini ishlatgan. Natijada qurilma ishdan chiqqan.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida tuman elektr tarmoqlari korxonasi va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti.
- 2002-2005 yillarda tuman hokimligida ishlaganman, - deydi Ikrom Mamatqulov. – Elektr energiyasidagi uzilishlar bizni qiynardi. Shamchiroqlardan foydalanardik. Qishloqdagi sharoitni gapirmay, hatto tuman hokimligi binosida chiroq o‘chib qolardi. Mana, bugun mamlakatimizga quyosh panellari kirib kelib, bu muammolarga barham berilyapti. Ularni o‘rnatish yildan yilga osonlashyapti, arzonlashyapti. Puli yetmaganlar uchun kredit asosida o‘rnatish imkoniyatlari bor.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.