Bulung‘ur Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman
Bu hududga, odamlar hayotiga qanday yangilik olib kiradi?
Bulung‘ur viloyatimizning juda qulay jug‘rofiy hududida joylashgan. Hududidan avtomobil, temir yo‘llari o‘tishi, Zarafshon daryosi, Bulung‘urariq kanalining oqishi uni chinakam bunyodkorlik maskaniga aylantirish imkonini beradi. Shu sababli tuman ahli Davlat rahbarining Bulung‘urni Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanga aylantirish borasidagi taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.
Xo‘sh, tumanning yangi qiyofasini barpo etish harakati qanday bormoqda? Biz bu savolga javob izlab tumanda bo‘lib qaytdik.
Birinchi navbatda infratuzilma bo‘ladi
- Keyingi ikki-uch yilda Prezidentimizning alohida e’tibori natijasida tumanni rivojlantirish bo‘yicha bir qator qarorlar, dasturlar qabul qilindi, - deydi tuman hokimi Samandar Astanov. – Xususan, o‘tgan yilning 1 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida” gi qarori bilan 2025-2026 yillarda tumanimizni kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlangandi. 28 banddan iborat dastur asosan, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish, yashil yondashuv va tamoyillarni joriy etish yo‘nalishlarini o‘z ichiga olardi.
Davlatimiz rahbari imzolagan boshqa bir hujjat bilan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomi berildi. Bunda aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, birinchi hujjat bilan tumanimizga 70 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, keyingisida qo‘shimcha 30 milliard so‘m mablag‘ beriladigan bo‘ldi.
Tabiiy savol tug‘ilishi mumkin, buncha pulga nima qilinadi, u qayerlarga sarflanadi?
Albatta, biz kabi «og‘ir» tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar uchun soliq imtiyozidan ko‘ra, ko‘proq yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilab berish muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, yo‘l, muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal xizmatlar tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilyapti.
Jumladan, dastur doirasida 8,5 kilometr asfalt qoplamali avtomobil yo‘llari quriladi va ta’mirlanadi. 7 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortiladi hamda 2 ta ichimlik suv inshooti barpo etiladi. 3,6 kilometr oqova suv tarmoqlari, 2 ta oqova suv inshooti quriladi.
Elektr ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida 1 ta 1000 kVt quvvatli transformator podstansiyasi o‘rnatiladi. Shuningdek, 29,5 kilometr elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 157,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 386,5 kilometri joriy hamda 112 ta transformator punkti joriy ta’mirlanadi.
Darvoqe, endi Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanlarda barcha davlat idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorligi tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvarga qadar davlat idoralari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ijtimoiy soha muassasalari energiya tejamkor uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi.
Farovonlik oshadi
Mutasaddilarning aytishicha, tuman markazidagi Bulung‘ur shoh ko‘chasi 24/7 tizimida ishlovchi ko‘ngilochar ko‘chaga aylantirilyapti. Uning atrofida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari yaratiladi.
Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 5 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Ko‘chalarga 300 ta zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatiladi.
Shuningdek, Renovatsiya dasturi asosida Guliston va Bulung‘ur mahallalari hududida eski ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uylar va noturar ob’yektlar o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar quriladigan bo‘lyapti. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida yer maydoni lotlarga ajratilib, ularning 10 tasi auksion savdosiga chiqarilgan.
- Tuman hududidan o‘tgan Bulung‘urariq kanali atrofida shu paytgacha odamlar chorva qilgan, daraxt ekkan, umuman, yordamchi xo‘jalik sifatida foydalangan, - deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Shavkat Ahatov. – Ayni paytda bu yerda dam olish, sog‘lomlashtirish maskanlari tashkil etish, turizm uchun zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilyapti.
Buning uchun kanal betonlashtirilyapti. Yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizilib, kanal yoqasidagi 35 gektar bo‘sh maydon kelgusida xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etish uchun auksionga chiqarilmoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratib, byudjetga qo‘shimcha tushum bo‘ladigan bu ishlar aholining maroqli dam olishiga xizmat qiladi.
Dasturda doirasida tuman markazidagi “Humo” yoshlar sayilgohida davlat-xususiy sheriklik asosida “Yoshlar mikrohududi” hamda 11 gektar maydonda amfiteatr, bolalar o‘yingohi, yopiq turdagi suzish havzasi va boshqa ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etish belgilangan. Shu paytgacha bog‘da kutubxona tashkil etilib, uning yonida esa yengil atletika bo‘yicha sport zali qurilgan. Yangidan qurilgan amfiteatr turli tadbirlar uchun xizmat qilmoqda. Shu kunlarda “Diyor” stadionini ta’mirlab, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoit yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.
Erganakli turizm qishlog‘i bo‘ladi
Bulung‘urga keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilayotgani, tabiiyki, hududda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Misol uchun, bugungi kunda tumanda 20 ga yaqin arxeologik, 6 ta arxitektura madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan. Sayyohlar diqqatini tortadigan ushbu joylar turizm maskaniga aylantirilmoqda.
Suhbatdoshlarimizning aytishicha, o‘tgan yildi Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohiga olib boruvchi 5,5 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 6,5 kilometr ichimlik suvi, 5,5 kilometr elektr tarmoqlari tortilgan.

Shu kungacha Sheroz qal’aga olib boriladigan 13 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. 2,5 kilometr ichimlik suvi, 3,5 kilometr elektr energiyasi tarmoqlari tortilib, 29 dona yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Arxeologik qazishma vaqtida temuriylar davriga xos noyob yodgorliklar topilgan yerning tom qismi yopildi. Qal’a hududida bitta avtoturargoh, 1,5 kilometr salomatlik yo‘lakchalari hamda Bulung‘urariq ustiga ko‘prik qurilgan.
— Tuman hokimining qarori bilan Sheroz qal’ani qayta tiklash uchun 4 gektar maydon ajratildi, — deydi Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi va Sheroz qal’a yodgorligi rahbari Narzulla Qoraboyev. — Qal’a mukammal qurilgan. Bu yerda Amir Temurning qarorgohi, harbiy askarlar uchun oshxona va ko‘plab xonalar bo‘lgan. Qal’a qamalda qolgan paytlar Bulung‘ur arig‘idan suv olish uchun yashirin yo‘ldan foydalanilgan. Sheroz qal’a tarixini to‘liq o‘rganish, qazish ishlarini olib borish, topilgan noyob topilmalarni restavratsiya qilish borasida loyihalar tayyorlanmoqda.
Bularning barchasi joriy yilda xorijiy turistlar sonini 1000 nafarga yetkazish, mahalliy sayyohlarni esa 5 mingta bo‘lishini rejalashtirishga turtki bo‘lmoqda. Albatta, buning uchun Erganakli mahallasiga turizm qishlog‘i maqomini olish, Sheroz qal’a majmuasiga info-tur tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, G‘o‘bdin tog‘ining "Yetimsoy darasi"da muzey tashkil qilinadi.
Bandlik muhim masala
Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanlar rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 100 milliard so‘mdan ajratilayotganini yuqorida aytdik. Bulung‘urlik mutasaddilarning aytishicha, hududlarda iqtisodiy o‘sishga turtki beradigan drayver loyihalarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 2 trillion so‘m yo‘naltirilarkan.
Qayd etilishicha, “G‘o‘bdin” massivi hududida tuman hokimligi zaxirasidagi 159 gektar yer maydonida import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan texnologik loyihalar amalga oshiriladi. “G‘o‘bdin”, “Amir Temur”, “Qo‘ng‘irot”, “Kildon” kichik sanoat zonalari va “Amir Temur” yoshlar sanoat zonasi zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlanadi.
Umuman, joriy yilda xizmatlar hajmini 1 trillion 527 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgani tumanda bu sohaning qanchalik muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi. Savdo, maishiy xizmatlar, avtoservis, axborot texnologiyalari, turizm xizmatlari kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, yosh tadbirkorlar tomonidan ochilayotgan kichik servis markazlari, ustaxonalar va xizmat ko‘rsatish nuqtalari mahallalar iqtisodiyotini jonlantirmoqda. Bu esa aholi uchun qulaylik yaratibgina qolmay, balki yangi ish o‘rinlarini ham paydo qilmoqda.
Masalan, M-39 avtomagistral yo‘lining Samarqand, Ulug‘bek, Kattaqishloq, Yangiariq, Olmazor va G‘o‘bdin mahallalari hududidan o‘tgan yo‘l bo‘ylarida 100 ga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari ochiladi.
Bundan tashqari, 2026 yilda sanoat mahsulotlari hajmini 1 trillion 633 milliard so‘mdan ortiqqa yetkazish rejalashtirilgani bejiz emas. Bu raqamlar ortida yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari turibdi. Tumanda tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari, mahalliy xomashyodan samarali foydalanishga qaratilgan loyihalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlari sanoat sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

An’anaviylikdan ibrat bo‘lish sari
Bulung‘ur tumani qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavot va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan hudud sanaladi. Rost, bu yo‘nalishlarda aholi hamda fermer xo‘jaliklari katta tajribaga ega. Biroq yillar davomida odamlar turmushi, hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotida o‘zgarish yasamagan bu an’ana Yangi O‘zbekiston loyihasi sabab tubdan o‘zgarmoqda.
- Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha har bir mahallaning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ixtisoslashuvi, drayver yo‘nalishlar belgilanmoqda, – deydi S.Astonov. – Masalan, Kildon mahallasida nok yetishtirish ommalashmoqda. Sarqipchoq mahallasidagi bir fuqaromiz bu borada tajriba to‘plagan, o‘zi nihol yetishtirishdan bog‘ yaratishgacha barcha jarayonlarni bosib o‘tgan. Keyinchalik qo‘ni-qo‘shnilari, mahalladoshlariga nok yetishtirishni o‘rgatgan. Hozirda shu atrofdagi uch mahalla ahli shu ish bilan shug‘ullanmoqda.
Umuman, 2026 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 6 trillion 800 milliard so‘mdan ortiqqa yetkazish rejalashtirilgan.
Misol uchun, “Bulung‘ur-sendvik” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 280 gektar yer maydonida lukpari, bulg‘or qalampiri, lavlagi va kabachki ekilib, 12,6 ming tonna sabzavot yetishtiriladi. Yetishtirilgan mahsulotlar qayta ishlanib, 5 million dollarga eksport qilinadi.
Fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan don, sabzavot, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, chorvachilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, parranda yo‘nalishida “Agroparranda klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoy davlati bilan hamkorlikda go‘sht yo‘nalishida qiymati 288 milliard so‘mlik, 100 ming boshli tovuqxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Natijada, 5 million dona naslli jo‘ja yetishtirilib, shundan 15 million dollarga 2,5 million bosh jo‘jalar eksport qilinadi. 25 million dona inkubatsion naslli tuxum ishlab chiqarilib, 20 million dollarga eksport qilinadi.
Bunda eng muhimi, jo‘ja importi qisqarishi hisobiga naslli jo‘jalarga bo‘lgan taqchillik va xorijga qaramlik yo‘qoladi. O‘zbekiston parranda naslchiligi bo‘yicha AQSh, Xitoy, Vengriya va Germaniya davlatlaridan keyingi 5-davlat bo‘ladi.
Tumanda kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishilgani, 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgani qo‘llab-quvvatlandi. Joriy yilga mo‘ljallangan dasturda ushbu yo‘nalishlarda ham ulkan rejalar belgilangan.
Albatta, bu loyihalarning amalga oshishi Bulung‘urni yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Yoqubjon Marqayev.