Bulung‘urdagi "Diyor" o‘yingohi 10 yildan beri ta’mirlanmayapti. Nega?

Tumandagi sport inshootlarining holatini o‘rganib, futbol maydonlari va asosiy sport bazalari ta’mirtalab ekaniga guvoh bo‘ldik.

Sport maktabida 42 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida ikki ming nafardan ziyod o‘g‘il-qiz shug‘ullanmoqda. Milliy terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibiga esa bor-yo‘g‘i besh nafar sportchi qabul qilingan. Chunki...

- Sport maktabida 28 yildan beri ishlayman, - deydi muassasa yo‘riqchi-uslubchisi Davron Bobojonov. - Yashirib nima qildim, maktabimizga qarashli asosiy sport bazalarida shug‘ullanish uchun sharoit yetarli emas. Xususan, Bulung‘ur mahallasidagi "Diyor" o‘yingohining tribunasi, kiyinish xonalari, tomoshabinlar o‘rindig‘i 10 yildan beri ta’mirtalab. 12x24 hajmdagi sport zali ham 2013 yilda sodir bo‘lgan zilziladan keyin kapital ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan. Gulzor mahallasidagi "Olimpiya" o‘yingohi va Qo‘ng‘irot mahallasidagi sport majmuasi ham achinarli holatda.

O‘tgan yil aprel oyida Sport vaziri Bulung‘ur mahallasidagi "Diyor" o‘yingohi va sport zalini ta’mirlash bo‘yicha tuman hokimligi va viloyat sport boshqarmasi mas’ullariga ko‘rsatma bergan edi. Shu asosda loyiha-smeta tayyorlanib, tuman hokimligi va viloyat sport boshqarmasiga taqdim etildi. Afsuski, oradan qariyb bir yil o‘tsa-da, hech qanday amaliy ish qilinmadi.

Ta’kidlanishicha, tumandagi sport maktabi asosan yakka kurash sport turlariga ixtisoslashgan. Biroq yunon-rum, erkin kurash, taekvondo (VTF), sport turlari bo‘yicha baza yo‘qligi va inshootlar ta’mirtalabligi bois sportchilar shartnoma asosida olingan binolarda shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqda.

Yaqinda Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sport inshootlarining moddiy-texnik bazalarini yaxshilash, olimpiya sport turlarini rivojlantirish, terma jamoalarga iqtidorli sportchilarni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. O‘ylaymizki, sport maktabidagi muammolar Bulung‘ur tumani hokimligi va viloyat sport boshqarmasi mas’ullarini befarq qoldirmaydi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.