Mastligi uchun javobgarlikka tortilgan haydovchi sud ishida yutib chiqdi

Spirtli ichimlik iste’mol qilib avtomashina boshqargani uchun javobgarlikka tortilgan fuqaroga oid ish Oliy sudda tugatildi.

Aniqrog‘i, uning harakatlarida huquqbuzarlik alomati mavjud emas, deb topildi.

Nega?...

Shu yil 15 yanvarda "M" ismli fuqaro jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tuman sudining qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 131-moddasining 1-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Aniqrog‘i, fuqaro alkogolli ichimlikdan mast holda transport vositasini boshqarganligi uchun unga nisbatan 1 yilu 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 8,5 million so‘m jarima belgilangan.

Qaror Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 307-moddasiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs) ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan yo etilmaganligini, huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyni, mazkur shaxs uni sodir etishda aybdor-aybdor emasligini, shuningdek, ishni to‘g‘ri hal etishda ahamiyatga molik boshqa holatlarni aniqlashi shart.

Biroq, sudlar ishni ko‘rib chiqishda yuqorida qayd etilgan Qonun talabini bajarmagan. Jumladan, IIB YHXB YPX inspektori rasmiylashtirgan bayonnomasida, transport vositasi to‘xtatib tekshirilganida, haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilgani aniqlangani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ish holatiga ko‘ra transport vositasi yo‘lda to‘xtatib tekshirilmagan, balki transport vositasi "M" ning uyini oldida bo‘lgan va YHXB xodimlari uni uyidan olib chiqib tekshirishgan.

Ish hujjatlariga ilova qilingan videoyozuvlarda ham transport vositasi "M" ning uyini oldida turgani va YHXB xodimlari "M" ni uyidan olib chiqqani aks ettirilgan.

Shuningdek, IIB YHXBning yozma ma’lumotida, YHXB YPX inspektoriga biriktirilgan “body camera” xotirasida 2023 yil 8 dekabrga taalluqli videotasvirlar mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 131-moddasida transport vositalarini mast holda boshqarganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, ish materiallarida "M" ning transport vositasini mast holda boshqarganini tasdiqlovchi biror-bir dalil mavjud emas.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2024 yil 19 apreldagi qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, "M" ning harakatlarida huquqbuzarlik alomati mavjud emasligi sababli, unga oid ma’muriy ish tugatilgan.