Bulung‘ur jadal rivojlanayotgan hududga aylanmoqda

Bulung‘ur tumani asosan qishloq xo‘jaligiga, meva-sabzavot va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan. Tumanning qulay geografik joylashuvi, ya’ni M-39 yo‘li bo‘yida joylashgani va hududdan temiryo‘l o‘tgani bu yerda sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirishga katta imkoniyat yaratsa-da, yillar davomida bundan samarali foydalanilmagan.

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari mazkur tumanda ham kichik sanoat zonalari tashkil etilayotgani, yo‘lbo‘yi infratuzilmasi va kommunikatsiya tarmoqlarining yaratilayotgani Bulung‘urni yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 1 aprel kuni qabul qilingan qarori asosida respublikamizdagi 16 tuman va shahar qatorida Bulung‘ur tumanini ham jadal kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanishi hudud taraqqiyotida yangi davrni boshladi, deyish mumkin.

–  Bulung‘ur tumani tarixiga qaraydigan bo‘lsak, bu yerda dastlab uzumchilik va shunga asoslangan sanoat rivojlangan, – deydi Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov. – Lekin yillar o‘tib uzumzorlar qisqargan va sabzavot hamda g‘allachilikka ixtisoslashgan. Bugun esa tuman iqtisodiyotida tub o‘zgarishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, keyingi ikki yilda Prezidentimizning Bulung‘urga alohida e’tibor qaratishlari natijasida tumanni rivojlantirish bo‘yicha bir qator qarorlar, dasturlar qabul qilindi va ular asosida xalqimiz turmush darajasini oshirish, daromadini ko‘paytirishga xizmat qiladigan yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Xizmat ko‘rsatish sohasiga e’tibor oshdi, hech kimning xayoliga kelmagan turizm yo‘nalishi kirib keldi. Buning natijasida ilgari aholimizning 46 foizi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bugunga kelib, bu ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etmoqda.

Joriy yilning 1 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror Bulung‘ur tumani uchun tarixiy hujjat bo‘ldi, deyish mumkin. Qaror bilan 2025-2026 yillarda Bulung‘ur tumanini kompleks jadal rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. 28 banddan iborat dastur asosan, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish va yashil yondashuv va tamoyillarni joriy etish yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.

Jumladan, “G‘o‘bdin” massivi hududida tuman hokimligi zaxirasidagi 159 gektar yer maydonida import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan o‘rta-yuqori texnologik loyihalar amalga oshiriladi. Tijorat banklari tomonidan qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan 5 ta sanoat loyihasini ishga tushirish orqali yiliga qo‘shimcha 12,9 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi. “G‘o‘bdin”, “Amir Temur”, “Qo‘ng‘irot”, “Kildon” kichik sanoat zonalari va “Amir Temur” yoshlar sanoat zonasi zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlanadi.

M-39 avtomagistral yo‘lining Samarqand, Ulug‘bek, Kattaqishloq, Yangiariq, Olmazor va G‘o‘bdin mahallalari hududidan o‘tgan yo‘l bo‘ylarida 75 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yekti ochiladi.

G‘o‘bdin tog‘ining Yetimsoy darasi va Erganakli mahallasida joylashgan Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi va “Sheroz qal’a” arxeologik yodgorligida osmon ostida muzey tashkil etiladi.

Tuman markazidagi uzunligi 0,7 kilometr bo‘lgan Bulung‘ur shoh ko‘chasi 24/7 tizimida ishlovchi ko‘ngilochar ko‘chaga aylantiriladi. Uning atrofida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari yaratiladi. Renovatsiya dasturi asosida Guliston va Bulung‘ur mahallalari hududida eski ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uylar va noturar ob’yektlar o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.

Iqtisodiy jihatdan samarasiz, eskirgan va kam hosilli 350 gektar bog‘lar o‘rnida yangi bog‘lar yaratiladi. Mahallalar “Bir mahalla – bir mahsulot”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Tumanda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni saqlash, qadoqlash va eksport qilish imkoniyatiga ega zamonaviy agrologistika kompleksi tashkil etiladi.

Qarorda joriy yil yakuni bilan tumanda sanoat o‘sishini 106,5 foizga, bozor xizmatlarini 115,2 foizga, qishloq xo‘jaligini 104,2 foizga yetkazish, ishsizlik darajasini 5 foizga, kambag‘allikni 4 foizga tushirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.

– Bu vazifalarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 70 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, – deya so‘zida davom etadi tuman hokimi. – Bunga qo‘shimcha yana 40 milliard so‘m ajratilib, tadbirkorlik uchun qulay muhit va aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilmoqda. Ayni paytda ushbu mablag‘lar hisobidan muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash ishlari amalga oshirilmoqda. Buyurtmachi va loyihachilar aniqlangan, ishlar jadal boshlangan. Ayrim ishlar yakuniga ham yetkazildi.

Tumanimizning M-39 yo‘li bo‘yida joylashgani, iqlimi va tabiiy imkoniyatlari turizm uchun qulayligi hisobga olinib, keyingi paytda bu sohaga alohida yondashuv bilan ishlayapmiz. Chuqurroq kirganimizda, ko‘plab imkoniyatlar, qo‘shimcha zaxiralar mavjudligi aniqlandi.

Misol uchun, tumanimiz hududidan qariyb 53 kilometr Bulung‘ur ariq kanali o‘tadi. Uning atrofida shu paytgacha odamlar chorva qilgan, daraxt ekkan, umuman, yordamchi xo‘jalik sifatida foydalangan. Vaholanki, bu yerda dam olish, sog‘lomlashtirish maskanlari tashkil etish, turizm uchun zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish mumkin. Shu bois ayni yo‘nalishga doir loyihalarni ishlab chiqdik, yo‘l va kanal yoqasidagi bo‘sh maydonlar kelgusida xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil etish uchun auksionga chiqarilmoqda.  Yo‘l va boshqa intratuzilma davlat tomonidan yaratiladi, qolgani auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlar zimmasida bo‘ladi. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratiladi, byudjetga qo‘shimcha tushumlar ta’minlanadi.

Dasturda yoshlar masalalari ham e’tiborga olingan va tuman markazidagi “Humo” yoshlar sayilgohida davlat-xususiy sheriklik asosida “Yoshlar mikrohududi” hamda 11 gektar maydonda amfiteatr, bolalar o‘yingohi, yopiq turdagi suzish havzasi va boshqa ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etish belgilangan. Shu paytgacha bog‘da kutubxona tashkil etildi, uning yonida esa sportning yakkakurash turlari bo‘yicha sport zal qurilmoqda. Tumanimizdagi “Diyor” stadioni ham ta’mirlanadi va bu yerda ham yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha har bir mahallaning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ixtisoslashuvi, drayver yo‘nalishlar belgilanmoqda. Masalan, Kildon mahallasida nok yetishtirish ommalashmoqda. Sarqipchoq mahallasidagi bir fuqaromiz bu borada tajriba to‘plagan, o‘zi nihol yetishtirishdan bog‘ yaratishgacha barcha jarayonlarni bosib o‘tgan. Keyinchalik qo‘ni-qo‘shnilari, mahalladoshlariga nok yetishtirishni o‘rgatgan. Hozirda shu atrofdagi uch mahalla shu ish bilan shug‘ullanmoqda.

Dasturda renovatsiya bo‘yicha ham chora-tadbirlar belgilangan va buning natijasida tuman markazi qiyofasi tubdan o‘zgaradi. Qo‘yingki, bir tumanda aholi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, shu qarorda barchasi aniq belgilab berilgan. Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aslida aholi uchun qulay yashash, tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishdir.

Qayd etganimizdek, hududdan temiryo‘l o‘tgani Bulung‘urning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirsa-da, tuman markazini ikkiga ajratib qo‘ygani sababli poyezdlar qatnovi paytida avtotransport vositalari va piyodalar harakatlanishiga katta noqulaylik tug‘dirardi. Bir necha o‘n yillar davomida hal etilmagan masalaga davlat rahbari e’tibori bilan yechim topildi va ayni paytda temiryo‘l ostidan tunnel qurilib, poyezdlar harakatiga xalaqit qilmagan holda transport vositalari va piyodalar uchun qulaylik yaratilmoqda.

– Bu temiryo‘l qurilganiga yuz yildan oshgan, lekin tuman markazida aholi gavjum bo‘lib, transport vositalari ko‘paygach, yo‘lni kesib o‘tishda muammolar kuzatila boshlagan, – deydi S.Astonov. – Odamlar soatlab kutib qolgan. Ayniqsa, tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi mashinalari uchun bunday kutish og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Davlatimiz rahbariga bu muammo haqida aytganimizdan 2023 yilda temiryo‘l ostidan tunel qurilishiga start berildi. Shu paytgacha asosiy ishlar bajarildi. Garchi ob’yektni foydalanishga topshirish 2026 yilga mo‘jallangan bo‘lsa ham pudratchi tashkilotlar shu yilning o‘zida ishlarni yakuniga yetkazmoqchi.

30 iyul kuni Prezidentimiz Samarqand viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, Bulung‘ur tumanida “in vitro” laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishilgani, 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgani qo‘llab-quvvatlandi va hududni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

S.Astonovning aytishicha, bugungi kunda tuman hokimligida “Islohotlar shtabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda 9 tashkilot vakillari, mutasaddilar har bir mahallaning imkoniyatlari, aholi turmush tarzi va an’analarini o‘rganib, hududni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqmoqda. Buning uchun namuna sifatida tanlab olingan mahalalalar bor. Shuningdek, tumanni rivojlantirish strategiyasi belgilangan va faollar, tajribali tadbirkorlar, rahbarlari bilan birga ish olib borilmoqda. Bunda to‘rtta ustuvor yo‘nalish belgilab olingan. Bular – aholi bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya jalb qilish va eksportni oshirish, qulay ishbilarmonlik va aholi uchun munosib muhit yaratish hamda tumanni jinoyatchilik va korrupsiyadan xoli hududga aylantirish. Bu borada prokuratura, ichki ishlar, soliq idoralari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

– Davlatimiz rahbari Bulung‘urning iqlimi, joylashuvi va boshqa omillarni hisobga olib, hududda kartoshka va uzum yetishtirish, qayta ishlashni keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdilar, – deya so‘zida davom etadi S.Astanov. – Shu asosida respublika darajasidagi idoralar, vazirliklardan mas’ullar kelib, tumanimizda ishlarni boshladi. O‘zimiz ham har bir masalani puxta o‘rganib, eng quyi tizimga tushib ishlasak, natija bo‘lishi, Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarishimiz mumkinligini yaxshi his qilamiz va ishni shu tartibda tashkil etyapmiz. O‘ylaymanki, bu loyihalarning amalga oshishi Bulung‘urni yanada rivojlantirish, aholimizning turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

G‘olib HASANOV,

Alisher ISROILOV (surat).