Uch oy ichida 832 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilingan

Joriy yilning birinchi choragida viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlari tomonidan 1818 nafar shaxsga nisbatan 1420 ta jinoyat ishi ko‘rib, tamomlandi. Shundan 1066 ta ish bo‘yicha 1398 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilib, 400 nafar shaxsga nisbatan 341 ta ish tugatildi.

Aytish kerakki, tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 15,2 foizga ko‘paygan. Jumladan, sudlanganlarning 356 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 429 nafariga ozodlikni cheklash, 411 nafariga axloq tuzatish ishlari, 155 nafar shaxsga jarima, 1 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hamda 22 nafar shaxs shartli hukm olgan.

Bu davrda viloyat sudining apellyasiya instansiyasida jami 132 nafar shaxsga nisbatan 112 ta ish ko‘rib, tamomlangan. Shundan 98 nafar shaxsga nisbatan 88 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 27 nafar shaxsga nisbatan 21 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, 7 nafar shaxsga nisbatan 3 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan. Kassatsiya instansiyasida esa 140 nafar shaxsga nisbatan 128 ta ish ko‘rilib, 35 nafar shaxsga nisbatan 30 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, 3 nafar shaxsga nisbatan 1 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarori bekor qilingan. Shuningdek, taftish instansiyasida jami 106 nafar shaxsga nisbatan 99 ta ish ko‘rib, tamomlangan holda 10 nafar shaxsga nisbatan 9 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, 1 nafar shaxsga nisbatan 1 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarori bekor qilingan.

Ichki ishlar idoralari probatsiya xizmati taqdimnomalari asosida namunali xulqli 832 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 259 nafarining jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan. Jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 268 nafar shaxslar tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli yoki jazoni yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilingan. Shu bilan birga, davlat tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlikni to‘g‘ri tushunmay, belgilangan tartiblarni buzganligi uchun 157 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazolar og‘irrog‘iga almashtirilgan.

Hisobot davrida viloyat sudlariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 604 nafar shaxsga nisbatan iltimosnomalar kelib tushgan bo‘lib, 591 tasi qanoatlantirilgan, 11 tasi rad qilingan. Uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi 23 nafar shaxsga nisbatan iltimosnomaning 22 tasi qanoatlantirilgan.

Viloyat sudlari tomonidan huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan 891 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan hamda muhokama qilish uchun tegishli korxona, muassasa va tashkilotga yuborilgan.

Tolib Boyzoqov,

viloyat sudi raisi o‘rinbosari.