Quruvchi bilan ishlaring bo‘lmasin, "dom"ini quraversin, deyishgan ekan...
Da’vogar “GH” MChJ javobgarlar “G” va “V”larga nisbatan qurilishga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash haqidagi da’vo ariza bilan sudga murojaat qilgan.
FIB Samarqand shahar sudining 2022 yil 25 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qanoatlantirilib, javobgarlar “G” va “V” lar zimmasiga da’vogar “GH” MChJga shahar hokimining qaroriga asosan Samarqand shahar, Oydin yo‘li ko‘chasida joylashgan yer maydonida ko‘p qavatli turar joy bino qurilishini amalga oshirishda to‘sqinlik qilmaslik majburiyati yuklatilgan.
Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2023 yil 21 fevraldagi ajrimi bilan hal qiluv qarori to‘ldirish yo‘li bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, Samarqand shahar hokimining 2019 yil 12 dekabrdagi 2581-Q-sonli qarori bilan da’vogar “GH” MChJga shaharning Oydin yo‘li ko‘chasi manzilidagi 0,598 ga yer maydonida ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishga ruxsat berilgan.
Samarqand viloyat Qurilish bosh boshqarmasi hamda viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining xulosalarida “GH” MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishiga ruxsat beruvchi shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmaganligi, jismoniy shaxslarga tegishli bino-inshootlarni o‘z hisobidan ko‘chirib, qurilish maydonini bo‘shatmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari boshlanganligi sababli qurilish ishlarini to‘xtatish haqida rasman ogohlantirilgan.
Aniqlanishicha, “GH” MChJ amalga oshirayotgan qurilish ishlari javobgar “V”ning biron-bir huquq va manfaatiga ta’sir qilmaydi, chunki qurilish yonida joylashgan Yoqut ko‘chasi 7-uy muqaddam uning otasi “F” ga tegishli bo‘lgan va 22.04.2015 yildagi notarial oldi-sotdi shartnomaga asosan fuqaro “A” ga sotib yuborilgan.
Javobgar “V” bu hududda yashamaydi va qurilish uning huquq va manfaatiga daxl qilmasligi sababli qurilishga to‘sqinlik qilib, e’tiroz bildirishi asosli emas.
Javobgar “G” esa nizoli ob’yektning yonida joylashgan Yoqut ko‘chasidagi 4-uyning mulkdori hisoblanadi va da’vogar “GH” MChJ amalga oshirayotgan qurilish ishlari uning huquq va manfaatiga putur yetkazayotganligi vakolatli organlar xulosasi bilan aniqlangan.
Biroq sudlar da’vogar “GH” MChJga hokim qarori asosida qurilish qilishga ruxsat berilganligi bilan kifoyalanib, shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmaganligini inobatga olmasdan javobgar “G” ning zimmasiga qurilishga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Shu sababli Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining joriy yil 13 fevraldagi ajrimi bilan sud hujjatlarining javobgar “G” ning zimmasiga majburiyat yuklashga oid qismi bekor qilinib, ushbu talabni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.