Katta avtomobil yo‘llari bo‘yidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari sanitariya talablariga javob beradimi?

Viloyatda sanitariya-gigiyenik holatni yanada yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash hamda aholi uchun sog‘lom yashash muhitini yaratishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimi Adiz Boboyevning topshirig‘iga muvofiq, katta avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda temir yo‘l yoqasidagi ob’yektlarning sanitariya-gigiyenik holatini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish va ekologik tozalikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar boshlandi.
Ushbu vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida "Sanepidqo‘mita" Samarqand viloyati boshqarmasi hamda uning tuman va shahar bo‘limlari mutaxassislari viloyatdagi mahallalarga biriktirildi.

Ular mahalliy hokimliklar, tegishli davlat tashkilotlari va hamkor idoralar bilan birgalikda hududlardagi sanitariya holatini o‘rganib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida hududlarni chiqindilardan tozalash, noqonuniy chiqindi to‘planishining oldini olish, yo‘l yoqalari va jamoat joylarini tartibga keltirish hamda obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida sanitariya qoidalari hamda gigiyena me’yorlariga rioya etilishi yuzasidan monitoringlar o‘tkazilib, mas’ullarga aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda.

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida sanitariya madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni asrash va yashash hududlarini doimo ozoda saqlash bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham izchil davom etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hududlarda ozodalik va sanitariya talablariga qat’iy amal qilinishi nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda shahar va qishloqlarning obod qiyofasini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

«Sanepidqo‘mita» viloyat boshqarmasi axborot xizmati.