Samarqandda uy hayvonlarini bepul sterilizatsiya qilish xayriya aksiyasi boshlandi

Tadbir Brijit Bardo jamg‘armasi (Fransiya) va Germaniyaning “Tierschutz Entwicklungshilfe e.V” tashkiloti ko‘magida “Terra” nodavlat notijorat tashkiloti, mahalliy veterinariya xizmatlari hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Aksiyaning asosiy maqsadi egasiz mushuk va itlar sonini insonparvarlik yo‘li orqali tartibga solib, ularning salomatligini mustahkamlashdan iborat. Bunday amaliyot hayvonlarda uchraydigan turli xastaliklar rivojlanish xavfini kamaytiradi.

Shuningdek, aksiya davomida uy hayvonlari egalari it yoki mushuklarini veterinar ko‘rigidan o‘tkazib, parvarishlash bo‘yicha maslahat olishlari mumkin.

Uy hayvonlarini sterilizatsiya qilish ishlari yana ikki kun davomida Samarqand shahri Lohutiy ko‘chasi, 19-maktab yonidagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida amalga oshiriladi.