YuNESKOning Samarqandda o‘tadigan 43-sessiyasida besh mingdan ortiq mehmon keladi

Joriy yil oktyabr oyining so‘nggi kunlaridan noyabr oyining birinchi yarmiga qadar Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi.

So‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YuNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkazilishi belgilangan bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri kelgani bilan ham ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 martdagi qaroriga ko‘ra, mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tashkiliy qo‘mita tomonidan sessiya bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan ishchi guruhlar tuzilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sessiya ishtirokchilarining kelishi va ketishi, ularga viza rasmiylashtirish, transport va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, asosiy tadbirlar va madaniy dasturlarda qatnashishlari masalalari YuNESKO bilan kelishgan holda hal qilinmoqda.

Shu yilning 12 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifi doirasida YuNESKO bosh direktori Odri Azuleni qabul qilib, tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlarini muhokama qilgandi.

Sessiya va asosiy tadbirlar “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida o‘tkaziladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilmoqda. Birgina YuNESKO kotibiyatidan 400 nafar xodim keladi. Shuningdek, davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, vazirlar va elchilar Samarqandda jam bo‘ladi. Hozircha uch davlat rahbari, jumladan, Qozog‘iston Prezidenti sessiyada ishtirok etish istagini bildirgan.

Nufuzli delegatsiyalar, tadbir ishtirokchilarini joylashtirish uchun “Silk Road Samarkand” majmuasidagi 8 mehmonxonada 1176 ta, Samarqand shahridagi 130 ta mehmonxonada 4178 ta xona ajratilib, forum kunlari uchun band qilib qo‘yilgan.

Sessiya doirasida YuNESKOning Yoshlar forumi, milliy komissiyalar yig‘ilishi, ilk bor Beruniy nomidagi O‘zbekiston-YuNESKO mukofotini topshirish marosimi, muzeylarda sun’iy intellektning o‘rni bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muzeylar, madaniyat maskanlarida xalqaro ko‘rgazmalar, yangi ekspozitsiyalar namoyishi, jahon yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari, umuman, 150 dan ortiq tadbir rejalashtirilgan.

43-sessiya va boshqa tadbirlarni yoritish uchun Samarqandga keladigan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarini belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazish va ularga zarur shart-sharoit yaratish borasida ham choralar ko‘rilmoqda. “Silk Road Samarkand” majmuasi hududida matbuot markazi tashkil etiladi.