Mustaqillik mohiyati yoki bugungacha bosib o‘tilgan yo‘lga bir nazar

Gugurt narxi va boshqa maishiy masalalar bilan mustamlaka davrini og‘zining tanobi qochib eslaydiganlardan biri bilan bir necha kun hamsafar bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Rost, balki shu odam bo‘lmaganida istiqlol va uning mohiyati haqida qog‘oz qoralashimga zarurat sezmasdim. Bugungi ijtimoiy-siyosiy manzarini bir qur tahlil qilib ko‘rmasdim...

Zotan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy manzarasi 35 yil avvalgidan butunlay o‘zgargan. Chunki mustaqillik yillarida jamiyatimizning siyosiy va ijtimoiy sohalarida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Bu davrda mamlakatimiz sovet tuzumidan mustaqil davlatga aylandi, Konstitutsiya qabul qilindi, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillari shakllandi. Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab, ochiq va jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallamoqda.

Sovet davridan boshlab...

1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Bu tarixiy sana mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida burilish nuqtasi bo‘lgani yangilik emas. Lekin ayni shu yillarni ko‘rganlar biladi: 1990 yillarda mamlakatda bir partiyaviy tuzum, senzura, so‘z erkinligining cheklanganligi hukm surgandi. Bugungi kunda ko‘p partiyaviylik tizimi, saylovlarning ochiq-oshkora o‘tishi va fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi kabi yangiliklarni sanashga kun yetmaydi.

Darvoqe, so‘nggi yillarda mamlakatda inson huquqlari, fuqarolik erkinliklari, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Ilgari tanqidiy fikrlar cheklangan, so‘z erkinligiga to‘siqlar bor edi. Hozirgi kunda jurnalistika, blogerlik va jamoatchilik nazorati faollashmoqda, ommaviy axborot vositalari erkinroq faoliyat yuritmoqda.

Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar

Ijtimoiy sohada ham katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ilgari fuqarolarning hayoti davlat tomonidan to‘liq nazorat qilinardi, shaxsiy tashabbuslar cheklangan edi. Bugun esa yoshlar, ayollar va norasmiy sektorning faolligi oshgan, tadbirkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda keng imkoniyatlar yaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda so‘nggi 7 yilda oliy ta’lim muassasalari soni 7 tadan 19 taga yetgan. Talabalar soni ham shunga mos ravishda 24 ming nafardan 101 ming 710 nafarga oshgan. Oliy ta’limga qamrov 9 foiz emas, 45 foiz bo‘lgan.

Imkoniyat bo‘lsa, shuncha bo‘lmaydimi?!

Bundan tashqari, joriy yilda viloyatdagi maktab bitiruvchilaridan 177 nafari muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga grant va konrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.

Ilgari Toshkentda o‘qishga kirib-kirolmagan xalqimiz farzandlariga mustaqillik bergan ne’mat bundan ortiq bo‘lishi mumkinmi?

 

Xalqaro hamkorlik yoki o‘zgarishlar o‘zagi

35 yil avval O‘zbekiston tashqi dunyodan deyarli uzilgan edi. Bugun esa mamlakatimiz jahonning ko‘plab davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatgan. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.

Eng muhimi, mustaqillik, islohotlar va axborot texnologiyalari ta’sirida jamiyat ongida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Fuqarolar o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshiroq anglamoqda, davlat ishlariga nisbatan faolroq munosabat bildirishmoqda.

Shu o‘rinda bir gap. Asli narpaylik bo‘lgan ijodkor O‘ktam Mirzayorning aytishicha, o‘tgan asrning 70-80-yillarida poytaxtga o‘qishga borgan. O‘sha kezlarda hamqishlog‘ini Toshkentdagi tramvaylarning birida ko‘rib qoladi. U avtoulovning ikkinchi uchida bo‘lgani uchun “hoy falonchi, yaxshimisan, O‘ktamman”, degani uchun rus konduktori unga jarima to‘latgan. Albatta, ish ichki ishlar idoralari aralashuvi bilan bo‘lgan.

Bugun bunday huquqsizlar faqat tarix qatlarida qoldi...

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, so‘nggi 35 yilda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy jihatdan mutlaqo yangi manzara kasb etdi. Sovet mafkuraviy tizimidan mutlaqo farq qiluvchi yangi siyosiy muhit, fuqarolik jamiyati, inson huquqlari himoyasi va tashqi dunyoga ochiqlik bugungi O‘zbekistonning yuzidir.

To‘g‘ri, hali oldimizda yana ko‘plab vazifalar turibdi, ammo eng asosiysi — taraqqiyotga yuz tutgan bu yo‘l barqaror va uzluksiz bo‘lib qolmoqda.

Yoqubjon Marqayev.