Ma’rifiy targ‘ibot jonli bo‘lsin
Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig‘ilishidan keyingi mulohazalar
Ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar eng avvalo jamiyatdagi munosabatlarda ko‘zga tashlanadi. Negaki, madaniyatli jamiyat o‘z qadri, o‘zgalar qadri va umuman, millat nufuzi uchun fidoiy bo‘ladi, an’analarni hurmat qiladi, belgilangan tartiblarni buzmaslikka intiladi.
Ming afsuski, biz bugungi kunda jamiyatimizda juda ko‘p hollarda ana shu tartiblarga rioya etmaydiganlarni ko‘proq uchratyapmiz. Telefon bahonasida televizor ko‘rish, radio eshitish, kitob o‘qishga e’tibor susaydi. To‘y-ma’rakalar manmanlik, boylikni namoyish qilish va milliy mafkuramizga mos tushmaydigan harakatlar manbaiga, tijoratga aylandi. Idora va tashkilotlar ishchi xodimlari o‘z jamoasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishni qog‘oz to‘ldirib qo‘yish, deb tushunyapti.
Shuning uchun ham ziyolilar ishtirok etgan viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi anjumanida ana shu holatlarga jiddiy baho berildi. Viloyat hokimi, mazkur kengash raisi A.Boboyev ma’naviyat haqida fikr yuritar ekan, eng avvalo har bir jamoa rahbari ma’naviyatli bo‘lishi shart ekanligini ta’kidladi. Chunki ibrat va ilm hamma vaqt ham xalqning shuuriga tez singan.
– Biz, qo‘l ostimizdagilar va mahalladoshlar bilan chin yurakdan suhbatlashishni o‘rganishimiz kerak, el o‘rtasida obro‘ topgan mutaxassislar, olimlarning xonadonlariga borib turish ziyo tarqatish bilan baravar, – dedi viloyat hokimi. – Biz ishda, o‘qishda, uyda ham hech kimning zerikib qolishiga, bo‘sh o‘tirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Ma’naviy-madaniy tadbirlarning maqsadi, ana shu bo‘shliqni to‘ldirish va shuning barobarida, bu tadbirlardan ko‘pchilikning saboq olishiga erishishdir.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari X.Ko‘bayev joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy o‘z samarasini berayotganini qayd etdi. Jumladan, “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida kitobxonlik hamda ko‘ngilochar davralar o‘tkazildi. “Ma’rifat karvoni”, “Bir vatan, bir el, bir bayroq” estafetalarida qariyalar, yoshlar va ayollar ishtirok etdi. Bundan tashqari, hududlarni obodonlashtirish, oilaviy ajrimlarga barham berish mavzularida jonli suhbatlar uyushtirildi. Viloyat kengashi tomonidan mahalladagi yettilik hamda ma’rifat targ‘ibotchilari uchun “Ma’naviyat qo‘llanmasi” tayyorlandi.
Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi shu yilning boshida 84 ta korxona va tashkilot bilan ma’rifiy ishlardagi hamkorlik yuzasidan “Yo‘l xarita”larini imzoladi, targ‘ibotchilar ro‘yxatlari shakllantirildi. Va bu ish allaqachon boshlab yuborildi.
Ming afsuski, yig‘ilishda juda ko‘plab banklar tomonidan ana shunday xamkorlikka moyillik bildirilmaganligi tanqid qilindi. Past Darg‘om va Payariq tumanlarida o‘tgan yilning sentyabr oyidan buyon ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi lavozimi vakant bo‘lib turibdi. O‘rganishlar Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlaridagi ayrim tashkilotlarda ma’rifiy tadbirlar, ma’naviyat soatlari nomigagina o‘tkazilayotganligini ko‘rsatdi. Ayrim tuman va shaharlar hokimliklari hududiy ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratib bermagan. Shu sababli ham anjumanda fikr bildiruvchilar aniq takliflarga to‘xtalishdi.
– Azaldan xalqimiz oiladagi ibratdan foydalangan, – dedi Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov. - Chunki inson ana shu maskanda shakllanadi, odobni ham, bilimga ishtiyoqni ham bola oilada o‘zlashtiradi. Ming afsuski, biz inqilobiy o‘zgarishlar soyasida, globalashuv jarayonida milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiyani susaytirib qo‘ydik. Demoqchimanki, bugunning ma’naviyat targ‘ibotchisi o‘z faoliyatini aynan mahallada, oilada olib borishi kerak. Jamoalarda o‘tkazilayotgan ma’naviy soatlarda ham kitob o‘qishni targ‘ib qilish barobarida har bir ishchi-xodimning oiladagi ma’rifatini so‘rab turish zarur.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov ham ayni davrda mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash uchun olib borilajak ishlarni aniq sanab o‘tdi. Jumladan, to‘y-ma’rakalarda Oliy Majlis qabul qilgan qaror ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish, mahallalarda ixcham ma’rifiy suhbatlar uyushtirish, mahalla kutubxonalarida tadbirlar muntazamligiga erishish zarurligiga e’tibor qaratdi. Notiq tuy-ma’rakalarni qisqartirish, to‘ychi va to‘yxona egasi mas’uliyatini kuchaytirish yuzasidan o‘rganishlar olib borilayotganini aytdi.
“Zarafshon” va Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F.Toshev kengash faoliyatini yanada takomillashtirish, targ‘ibotchilar tanlovi va ularni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish, joylardagi klublar, saroylar va ilm maskanlari zallaridan oqilona foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Anjuman qatnashchilarilari ma’naviyat va ma’rifat tadbirlarida ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yish mutlaqo mumkin emasligini alohida ta’kidladilar.
Yig‘ilish so‘ngida kengashning 2026 yilga mo‘ljallangan ish-rejasi va tashkilot hamda korxonalar bilan tuzilgan “Yo‘l xaritalari” ma’qullandi.