Ma’naviyat doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim
Samarqand viloyati ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig‘ilishida viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat ulashib”, “Kitobxonlik oiladan boshlanadi”, “Yoshlik navosi”, “Kino karvon” loyihalari amalga oshirildi. “Ma’rifat karvoni”, “Bir vatan, bir el, bir bayroq” estafetalarida kattayu yosh faol ishtirok etdi. Bundan tashqari, hududlarni obodonlashtirish, oilaviy ajrimlarga barham berish mavzularida jonli suhbatlar uyushtirildi. “Maromiylik” loyihasi doirasida jamoat tashkilotlari va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda to‘y-ma’rakalarni ixcham qilib o‘tkazish, dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aholi o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borildi. Viloyat ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan “mahalla yettiligi” hamda ma’rifat targ‘ibotchilari uchun “Ma’naviyat yon daftarchasi” qo‘llanmasi tayyorlandi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish va boqimandalik kayfiyatiga barham berish bo‘yicha ro‘yxatga olingan 101 mahallaga “Ma’naviyat ko‘makchisi” biriktirilib, ushbu mahallalar aholisi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. – Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida “Kitoblararo 80 kun” marafoni o‘tkazildi. Marafon doirasida 50 dan ortiq mediakontent tayyorlandi, tajribali jurnalist va blogerlar, ijtimoiy faollar ishtirokida podkastlar uyushtirildi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham faol davom ettirilmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida yil boshidan buyon 84 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlikda “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.
Yig‘ilishda ayrim tuman va shaharlarda ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratib bermagan, ba’zi korxona va tashkilotlarda ma’naviyat va ma’rifat masalasiga yuzaki yondashish, ma’rifiy suhbatlar va targ‘ibot tadbirlarini nomigagina o‘tkazish holatlari ko‘zga tashlanayotgani qayd etilib, rahbarlarning mas’uliyati eslatildi.
– Ma’naviyat va ma’rifat masalasi barcha darajadagi birinchi rahbarlarning doimiy e’tiborida bo‘lishi shart, – dedi Samarqand viloyati hokimi, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi Adiz Boboyev. – Biz qo‘l ostimizdagilar va mahalladoshlarimiz bilan chin yurakdan suhbatlashishni o‘rganishimiz, boshqalarga ibrat bo‘lishimiz kerak. Ishda, o‘qishda, uyda ham hech kimning zerikib qolishiga, vaqtini besamar o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Ma’naviy-madaniy tadbirlarning maqsadi, ana shu bo‘shliqni to‘ldirish va shuning barobarida, bu tadbirlardan ko‘pchilikning saboq olishiga erishishdir.
Yig‘ilishda kengash a’zolari, viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari so‘zga chiqib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, tafakkurini yuksaltirishga qaratilgan ma’rifiy loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Bunda internet, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, milliy ruhdagi kontentlarni ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.