“Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi belgilandi

“Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida Hukumat qarori (897-son, 30.10.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.

Qarorga muvofiq, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami arafasida topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlash Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining qarori asosida amalga oshiriladi.

Qaror bilan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan respublikada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi.

Davlat organlari, tashkilotlar va jamoat birlashmalari ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 iyunga qadar tegishlicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda uning hududiy bo‘limlariga taqdim etadi.

Markaz rahbarining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 25 avgustga qadar takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tashkil etilgan komissiya xulosasi asosida chiqariladi.

Ma’lumot uchun, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni Prezidentning 2019 yil 3 maydagi  PQ-4307-son  (http://lex.uz/docs/4320700) qarori bilan ta’sis etilgan.