Super-kontrakt arzonlashgani rostmi?

Har yili oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari tugab, javoblar e’lon qilingach, o‘qishga kira olmaganlarga tabaqalashtirilgan (super) to‘lov-kontrakt asosida o‘qish taklif qilinadi.

Bunda belgilangan super-kontrakt summasi faqat birinchi yil to‘lanadi. Qolgan yillarda talaba oddiy kontrakt pulini to‘laydi.

Shu paytgacha abituriyentlar qancha ball to‘plaganidan qat’iy nazar super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinardi. Ammo, keyingi yillarda tartib o‘zgardi, ya’ni belgilangan eng past ball va undan yuqori ball to‘plaganlarga imkoniyat beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, bu yilgi super-kontrakt miqdori har yilgidek bir xil emas. Sababi, Davlat komissiyasi bayonida 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha qabul qilishda “super kontrakt” miqdori rektor (direktor) tomonidan mustaqil belgilanadigan bo‘ldi.

Bunda qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 13 sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari (1-ilova 73-band)ga asosan belgilanadi.

Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar quyidagi tartibda to‘lovni amalga oshiradi:

1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;

2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;

3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.

Shuningdek, rektorlarga qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash topshirildi.

Darhaqiqat, bu yilgi tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori avvalgi yillardan ancha arzon tarzda oliy ta’lim muassasalari veb-saytlarida e’lon qilindi. Buni Samarqand viloyati misolida aytadigan bo‘lsak, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti bazaviy to‘lov-kontraktning 4 baravaridan 6 baravarigacha, Samarqand davlat pedagogika instituti 5 baravaridan 6 baravargacha, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti 4 baravar, Samarqand davlat universiteti Urgut filiali 4 baravardan 6 baravargacha, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 5 baravardan 7 baravargacha etib belgiladi. Viloyatimiz oliy ta’lim muassasalari ichida eng yuqori to‘lov stavkasi Samarqand davlat universitetining yurisprudensiya yo‘nalishi bo‘lib, unga bazaviy to‘lov-kontraktning 19 baravari (bir yillik kontrakt miqdori 14  389 000 so‘m), ya’ni 273 391 000 so‘m etib belgilandi.

Ikkinchi o‘rinda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bo‘lib, unda davolash ishi, pediatriya ishi, stomotologiya yo‘nalishlariga bazaviy to‘lov-kontraktning 15 baravari miqdorida tasdiqlandi. Bu degani, joriy yil sog‘liqni saqlash sohasiga 12 mln 75 ming so‘m to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) belgilangan bo‘lsa, uning 15 baravari 181 mln 125 ming so‘m bo‘ladi.  Qolgan oliy ta’lim muassasalari ham yo‘nalishlar kesimida talab yuqori bo‘lganlariga ko‘proq, talab kamrog‘iga pastroq narx belgiladi.

Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash kerak, bu yil moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari to‘lov-kontrakt miqdorini oshirish yoki oshirmaslik masalasini o‘zlari hal qildi. Shunga ko‘ra, ayrim oliygohlar kontrakt summasini 10-15 baravar oshirdi.

2025-2026 o‘quv yili qabulida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini 2025 yilning 31 oktyabrga qadar (shu kuni ham) to‘lashga ruxsat berildi.

Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘z xohishlariga ko‘ra ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga ruxsat berildi (maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar bundan mustasno).

Davlat qabul komissiyasining tegishli bayoniga asosan, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab respublika davlat oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha bitta talabani bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining miqdorlari tasdiqlandi.

Bu yil eng arzon kontrakt miqdori 7,4 mln so‘mni tashkil etmoqda, eng qimmati esa 14 mln 627 ming so‘m.

Har holda ba’zi yo‘nalishlarda bu yilgi super-kontrakt summasi oldingi yillardagidan ancha kamaydi. Masalan, o‘tgan yili tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorining eng kami bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 6 baravarini tashkil etgandi. Bu yil tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishga ruxsat berildi. Ammo hamon huquq, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash sohalarida narxlar juda balandligicha qolmoqda. Aslida ushbu sohalarga super-kontraktda o‘qishga ruxsat berilmasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xurshida Ernazarova.