Maktablar maslahatchi lavozimi joriy etiladi

U qanday vazifalarni bajaradi?
Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlarining 3400 nafar o‘rinbosari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga 10 ming nafar maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilindi. Bu lavozimga birinchi navbatda da’vogarlik qiladigan direktor o‘rinbosari yoki boshqa nomzodlar suhbatdan o‘tishlari uchun yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lishi talab etiladi.
2026 yil 1 yanvardan ish boshlaydigan maktab maslahatchisi ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning muammolarini tinglab, ularga yechim topadi. Bitiruvchilarni kasb-hunarga qiziqishi bo‘yicha yo‘naltiradi. Ota-onalar va sinf rahbarlari bilan hamkorlikda o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy moslashuv jarayoniga ko‘maklashadi. Shu nuqtai nazardan o‘quvchining har tomonlama rivojlanishini ta’minlashda maktab maslahatchisining o‘rni beqiyos.
Masalan, o‘quvchi sinfdoshlaridan ajralib qolgan, do‘st orttira olmaydi, o‘zini yolg‘iz his qiladi. Bunday vaziyatda maslahatchi uni suhbatga chorlaydi, qiziqishlarini aniqlaydi, sinfdagi boshqa o‘quvchilar bilan guruhli mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Shu orqali bola asta-sekin jamoaga qo‘shila boshlaydi. Ikkinchidan, bir o‘quvchi darslarda qoloq, ba’zi fanlarni tushunmaydi, shuning uchun o‘ziga ishonchi kamaygan. Maslahatchi bolaning kuchli tomonlarini topadi, u bilan motivatsion suhbat o‘tkazadi, qo‘shimcha to‘garaklarga yo‘naltiradi. Natijada uning o‘ziga ishonchi ortadi. Oila bilan bog‘liq muammo bo‘lganda, ya’ni o‘quvchining uyida ota-onasi tez-tez janjallashadi. Bu holat bolaning kayfiyati va o‘qishiga salbiy ta’sir qilmoqda. Maslahatchi o‘quvchini tinglaydi, unga ruhiy ko‘mak beradi, ota-onasi bilan suhbat o‘tkazib, bolaga mehr va e’tibor zarurligini tushuntiradi.
Maslahatchi yuqori sinf o‘quvchilariga ham yordam beradi. Misol uchun, 11-sinf o‘quvchisi kelajakda qaysi kasbni tanlashni bilmay qiynalmoqda. Maslahatchi kasb tanlash bo‘yicha testlar o‘tkazadi, qiziqishlari va qobiliyatlarini aniqlaydi, turli kasb egalarini uchrashuvga taklif etadi. O‘quvchi asta-sekin o‘z yo‘lini topa boshlaydi.
Bunday lavozim rivojlangan davlatlar tajribasida yaxshi samara bergan. Masalan, AQShda 250 nafar o‘quvchiga bitta maslahatchi to‘g‘ri keladi. Maktablarda o‘quvchilarning intizomiy muammolari 20 foizga kamaygan. 2022 yilgi PISA tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, Finlandiyada bolalarning maktabni tashlab ketish ko‘rsatkichi atigi 0,3 foizni tashkil etadi. Yaponiyada ruhiy tushkunlik darajasi 15 foizga kamaygan. Germaniyada maktab maslahatchisi bilan ishlagan yoshlarning 70 foizi tanlagan kasbidan qoniqish bildirgan. Janubiy Koreyada o‘quvchilar orasida stress yuqori bo‘lganligi sababli maslahatchilar psixoterapevtik metodlardan keng foydalanadi. Kanada maktablarida esa maslahatchilar nafaqat o‘quvchilarga, balki ota-onalar va o‘qituvchilarga ham maslahat xizmatini ko‘rsatadi.
Sirojiddin TAYLONOV,
Urgut tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.