Arosat

- Siz ozarbayjonlikmisiz?...
Bu savolni ikki kun avval notanish ayol berdi.
Yon tarafimdan turgani uchun u tarafga sal qaradim, yoshroq ayol shekilli…
Kayfiyatsizroq edim, “yo‘q” ishorasi bilan javob berib, yana xayol surishga “sho‘ng‘ib” ketdim.
- Siz amakimga juda o‘xshar ekansiz…
Bu notanish ayolning u tarafga umuman e’tibor qilmasam ham menga o‘z-o‘zidan gapiraverayotgani g‘ayritabiiy tuyuldi.
- Otam ozari, musulmon, onam tojik, katolik nasroniy. Rus emasman, o‘zimni tojik deb hisoblaymanu-u, lekin ota tomonimdan ozariman…
Talaffuzida umuman aksentsiz gapirayotgan notanish ayol meni hushyor torttira boshladi.
“Kim bu? Nega menga gapiryapti? Maqsadi nima? Tovlamachimikin? Ehtimol, nariroqda sheriklari ham bordir? Biror ish uyushtirishyaptimikin?”
- Men bolaligimdan sharq musiqalarini tinglayman. Onam doim taqiqlab kelgan. Ko‘pincha yashirib eshitishimga to‘g‘ri kelgan…
Mening xayolim chuvalashib, qanday qutulishni izlay boshladim.
- Men sezib turibman, sizni noqulay ahvolga soldim, uzr so‘rayman. Bir iltimosim bor, do‘konga kirib chiqqunimga qadar sumkamga qarab tursangiz!?
Shundagina bu ayolni maqsadlarini chamalay boshladim, “demak shantaj qilmoqchi, sumkasini qo‘yadi-da, qaytib chiqib nimasidir yo‘qolganidan janjal boshlanadi”.
- Kechirasiz, vaqtim yo‘q, shoshib turibman.
- Siz ketib qolmaysiz, men sizga ishonaman, - dedi-da, sumkasini og‘zi yarim-chala ochiq holatda tashlagancha, shoshib do‘konga kirib ketdi.
“Endi tamom, ketsam ham, ketmasam ham, nimadir ishga aralashib qoldim”.
Qanday yo‘l tutishni bilmasdim, ketsam, menga omonat deb ishonib ketdi. Ketmasam, bu yerda qandaydir bir ish bor.
Besh daqiqalar o‘tar-o‘tmas qaytib chiqdi.
- Bilardim qarovsiz tashlab ketmasligingizni. Sizga bir savolim bor edi. Siz hech nojo‘ya qadam tashlaganmisiz?
“Bo‘ldi! Endi bildim kimligini, tezroq vaqt borligida qochish kerak!”
Ketish taraddudiga tushib qoldim.
- Siz savolimga javob bermadingiz!?
- Alloh saqlasin, - dedim-u o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.
Siz, muhtaram o‘quvchim, shu yergacha dilingizdan nimalar o‘tganini mahkam tutib turing. O‘ylagandirsiz, “shuncha gap bo‘libdi-yu, ketib yubormabdilar”, deb. Yomon ayol, o‘g‘ri, qallob, muttaham… Taxminlaringiz turlidir men kabi…
- To‘xtang!
Shu yerda yo‘nalish butunlay o‘zgardi.
– Men nasroniycha tarbiya topdim, katta bo‘ldim, mutlaq dinsiz odamga turmushga uzatildim, urf-odatlarim nasroniycha, ammo, ichimda islom qaynaydi, undan rohat topgisi keladi, men hatto umrim bino bo‘lib biror marta ochiq-sochiq ham kiyinmaganman…
Shundan keyingina ayol tarafga qaradim, boshi yalang, ochiq bo‘lsa-da, haqiqatda sharqona liboslar kabi keng, yenglari uzun ko‘ylakda edi.
- Musulmonlarni ko‘rsam, ko‘zlarida mehr ko‘rinadi, tarbiyali, sharq isi kelib turadi. Men ham musulmon odamga turmushga chiqishni, menga o‘rgatishini, “er” bo‘lib hayot muammolarini zimmasiga olishini xohlayman. Men sizlarday musulmonlarni havas qilaman, Sizday erkaklarni Alloh ko‘paytirsin, - dedi-da, burilib ketdi. Oxirgi gapini yaxshi tushunolmay qoldim, “bizning bu yurishimizga sizlar javob berasiz”, deganday bo‘ldi shekilli…
Men u ayolni arosatda qolibdi, deb o‘yladim. Ammo umi, yo bizmi arosatda, bilmadim…
Salim AYYuBIY.