Nogironligi bor etikdo‘z: “Cobalt”, kvartira va hovli sotib oldim”

Husen Qosimov – birinchi guruh nogironi. Ammo shu paytgacha hech qachon noshukurlik qilmagan. Qahramonimiz Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida tug‘ilib o‘sdi. Oyoqlari harakatsiz bo‘lsa-da, aql-zakovati va qo‘llari harakatdan to‘xtamadi.

- 36 yildan beri etikdo‘zlik bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi u. – Bir o‘g‘il, bir qizim bor. O‘g‘limni uylantirganman. Turmush o‘rtog‘im 15 yil savdo bilan shug‘ullandi. Do‘konimiz bor edi. Kelinim farzandli bo‘lguniga qadar qizim bilan birga chuchvara bukib, do‘konlarga tarqatishardi. O‘g‘lim uylarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Xullas, ro‘zg‘or obodligi uchun oilamizning har bir a’zosi harakatda.

Ha, harakatlar natijasida Husen aka oldiga qo‘ygan maqsadlariga birin-ketin erishib kelyapti.

- Hunarim bilan kam bo‘lmadim, - deydi H.Qosimov. – Dastlab 8 sotixli eski bir hovli sotib oldim va bu yerda 8 xonali imorat qurdim. Albatta, yaqinlarim ham qarab turmadi. Qo‘lidan kelgancha yordam berdi. Keyinchalik 2 xonali kvartira hamda “Cobalt” avtomashinasini ham sotib oldim.

U o‘zini yordamga muhtoj inson, deb hisoblamaydi. Kimdir unga moddiy yordam berish taklifini bildirsa, ko‘ngli ranjiydi.

- Bir kuni ism-familiyam “Temir daftar”ga kiritilganini bilib qoldim va mas’ullarga darhol bu ro‘yxatdan o‘chirishlarini aytdim,  - deydi Husen Qosimov. – Mahalla faollari, hokimlik mas’ullari holimdan xabar olib turishidan minnatdorman, ammo moddiy yordamni mendan ham nochorroq, ko‘makka muhtoj fuqarolarga ko‘rsatishlarini istayman.

Bir yigitga qirq hunar oz, deganlaridek, qahramonimiz birgina etikdo‘zlik bilan shug‘ullanmaydi, balki...

- Ota-bobolarimiz ham hunarmand bo‘lgan, - deydi u. – Etikdo‘zlikdan tashqari, pichoq va boltalarni charxlash, maishiy texnikalarni tuzatish, soyabonlarni ta’mirlash va avtomashina o‘rindiqlari uchun  g‘iloflar tayyorlash bilan ham shug‘ullanib turaman.

- Husen Qosimov nogironligi bo‘lishiga qaramay, sog‘lom odamlardan qolishmasdan mehnat qiladi, - deydi Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sodiq Sayfullayev. – Turmush o‘rtog‘i ikkinchi, qizi esa birinchi guruh nogironi, ammo hech qachon yordam so‘rab mahalla yoki boshqa tashkilotga murojaat qilmagan. Aksincha, doimo ehtiyojmandlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatib keladi. U faol oqsoqol, ko‘chaboshi hamdir. Uni mahallamizning vijdoni, deb bilamiz. Husen Qosimov - ayrim boqimanda kayfiyatidagi fuqarolar uchun ibrat bo‘ladigan inson.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.