Respublika yalpi ichki mahsulotida Samarqandning ulushi qancha?
Yalpi ichki mahsulot (YaIM) mamlakatning iqtisodiy hududida rezident-birliklar tomonidan ishlab chiqarish faoliyatining yakuniy natijasini ifodalovchi va ushbu birliklar tomonidan yakuniy foydalanish uchun ishlab chiqarilgan barcha tovarlar va xizmatlar qiymatini ifodalaydi.
Yalpi hududiy mahsulot (YaHM) esa hududning rivojlanishini umumlashtiruvchi ko‘rsatkich.
YaHM iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra YaIMga teng ko‘rsatkich hisoblanadi. Ya’ni, u ushbu hududning rezidentlari bo‘lgan iqtisodiy birliklar tomonidan yakuniy foydalanish uchun ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar qiymatini ifodalovchi milliy hisoblar tizimining asosiy ko‘rsatkichlaridan hisoblanadi.
Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Samarqand viloyatining yalpi hududiy mahsuloti, raqamlar ortidagi o‘sish nuqtalari va boshqaruv xulosalari” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu kabi holatlarga oydinlik kiritildi.
Tuman va shaharlar hokimlari, ularning moliya-iqtisodiyot masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, viloyatdagi sohada daxldor boshqarma, tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etgan seminarni viloyat hokimi A.Boboyev ochib berdi va bu kabi ma’lumotlardan to‘g‘ri foydalanish iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniq belgilashda yordam berishini ta’kidladi. Shundan so‘ng Milliy statistika qo‘mitasi kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Sherzod Abrayev statistik hisobotlarni yuritish, iqtisodiy o‘sishni aniqlashda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlarga to‘xtaldi.
- Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida Samarqand viloyatida yalpi qo‘shilgan qiymat 27 trillion so‘mga, mahsulotlarga sof soliqlar 521,5 milliard so‘mga, YaHM jami 27,5 milliard so‘mga yetib, real o‘sish 9,6 foizni tashkil etgan, - deydi Sh.Abrayev. – Statistik ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, 2021 yilda respublikamiz yalpi ichki mahsuloti 861,1 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 1 trillion 849,6 milliard so‘mga yetgan. Shu davrda viloyatimizning yalpi hududiy mahsuloti qariyb 61,6 milliard so‘mni va respublikadagi ulushi 7,15 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 121,4 milliard so‘mni va respublikadagi ulushi 6,57 foizni tashkil etdi. Ya’ni, viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 59,8 milliard so‘mga oshgan bo‘lsa-da, umumiy ulush 0,58 punktga pasaygan.
Tadbir ishtirokchilari korxona boshqa hududda faoliyat yuritadi, lekin boshqa joydan ro‘yxatdan o‘tganligi tufayli hisobotlar hududning o‘zida qayd etilmayotgani, shu sababli tayyorlangan mahsulotni yalpi hududiy mahsulot hisobotiga kiritish imkoniyati yo‘qligi, boshqa joyda ro‘yxatdan o‘tgan korxonada ishlovchilarni bandlik davrajasini to‘liq yuritish qiyinchilik tug‘dirayotganligi to‘g‘risida murojaatlar qilishdi.
Bu masalalar alohida o‘rganish va huquqiy yechim topish uchun tegishli idoralarga yetkaziladigan bo‘ldi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.