Samarqand shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetarlicha inklyuziv sharoitlar yaratilganmi?
«Yuksalish» umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan Nogironlar jamiyati viloyat bo‘limi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili, qurilish sohasida viloyat hududiy nazorat inspeksiyasi mutaxassislari, OAV vakillari ishtirokida Samarqand shahridagi bir qator muassasa hamda tashkilotlarda, bino va ob’yektlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar holati – inklyuzivligi o‘rganildi.
Xususan, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi, Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi, viloyat tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi, Davlat xizmatlari markazi hamda viloyat yagona imtihon markazi joylashgan viloyat YHXB binolari keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
O‘rganilgan ob’yektlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun panduslar, tutqichlar talab darajasida emasligi, aksariyat bino va inshootlar ichkarisida pol qismiga silliq to‘shamalar (kafel) yotqizilganligi aniqlandi. Hojatxonalar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmagan.
Shahar va tuman markkazlariga qatnovchi jamoat transportlari ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik mezonlariga javob bermaydi. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslar farovonligi uchun jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga ega. Kerakli infratuzilmalardan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush tarzi va farovonligiga salbiy ta’sir qiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishini osonlashtiruvchi infratuzilma va zarur moslamalarga yetarli darajadagi imkoniyatlarning kamligi ushbu toifadagi fuqarolarning huquqlarini buzadi hamda ularning ijtimoiy hayotda to‘liq ishtirok etishi, ta’lim olishi, mehnat qilishi va boshqa faoliyat turlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qiladi.
Bugun ko‘zdan kechirilgan ob’yektlar asosan davlat muassasa va tashkilotlari bo‘lsa-da, xususiy binolarda (ko‘p qavatli uylar, do‘konlar, biznes-markazlar va hokazo) inklyuziv muhit to‘la yaratilgan, deya olmaymiz.
Samarqand shahrini barcha uchun teng, inklyuziv sharoitlarga ega maskanga aylantirish uchun hamma birdek harakat qilishi, shaharsozlik loyihalari ishlab chiqilayotganda nogironligi bo‘lgan shaxslarning istak-ehtiyojlari ham inobatga olinishi zarur.
«Yuksalish» umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi.