Iqlim o‘zgarishlari va uning yechimi yoshlar nigohida
Samarqandda o‘tkaziladigan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bugun qadimiy shaharda YuNESKONING 14-Yoshlar forumi o‘z ishini boshladi.
YuNESKO hamda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan forum yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oyalarini global miqyosda ilgari surish va barqaror kelajakni shakllantirishda yigit-qizlarning ovozini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda ishtirok etish uchun dunyoning 100 dan ortiq davlatidan kelgan 150 nafar yosh yetakchilar, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari “Iqlim harakati va uning ijtimoiy ta’siri, ayniqsa, yoshlar uchun” mavzusi yuzasidan o‘zaro fikr almashishi ko‘zda tutilgan.
Forumning ochilish marosimida YuNESKO Bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha yordamchisi Lidiya Brito, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti mudiri o‘rinbosari Elmurod Najimov, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bosh direktori Alisher Sa’dullayev va boshqalar so‘zga chiqib, iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar bugun global masalaga aylanib, dunyodagi barcha mamlakatlar hukumatini o‘ylantirayotgani, ekologik inqiroz ko‘plab halokatlarga sabab bo‘layotganini ta’kidladilar. Bunday vaziyatda bugun va ertangi kunning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini eshitish, ularning fikrlariga quloq tutish juda muhim hisoblanadi. Zero, forumda muhokama qilinadigan masalalar, o‘rtaga tashlanadigan tashabbuslar YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi tadbirlarida e’tiborga olinadi, turli xalqaro tashkilotlar vakillari va davlatlar delegatsiyalari ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
– O‘zbekiston Respublikasi YuNESKOning ta’lim, fan va madaniyat sohalari bilan bir qatorda ekologik masalalar bo‘yicha chaqiriq va da’vatlarini ham qo‘llab-quvvatlab, bu borada qat’iy pozitsiyasini namoyon etib kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti mudiri o‘rinbosari Elmurod Najimov. – Buni 2025 yilning yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil" iqtisodiyot yili” deb nomlangani misolida ham ko‘rish mumkin. Yil nomidan kelib chiqib tasdiqlangan davlat dasturi asosida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Joriy yil boshida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ilk bor Orol madaniyati sammiti o‘tkazildi, dunyoning turli davlatlaridan yoshlarni birlashtirgan “Orol maktabi” ta’lim dasturi ishga tushirildi. Bu kabi tadbirlar orqali biz barqaror rivojlanishga to‘siq bo‘ladigan ekologik muammolarning oldini olish va ularning ta’sirini yumshatishga erishyapmiz.
“Generation of Action” (aksiyani boshlash) shiori ostida o‘tkazilgan ochilish marosimida turli davlatlar vakillari iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va ekologik muammolarning yechimlari bo‘yicha tashabbus va g‘oyalarini ilgari surdilar, innovatsion yechimlar taklif etildi.
Jumladan, ispaniyalik Karloto Bruno ishlab chiqarish va sanoatning rivoji ekologiyaga zarar yetkazmasligi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Hatto, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi qanchalik dolzarb bo‘lmasin, mazkur yo‘nalishdagi sanoatda ham ekologik muvozanat buzilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Mamlakatimiz vakili Gulnaz Abutova Qoraqalpog‘iston misolida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, mazkur hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Forum davom etmoqda.