Oliy ta’limni transformatsiya qilish masalasi muhokama qilindi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida respublika oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini tubdan transformatsiya qilishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov farmon loyihasining strategik ahamiyati, uning oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini tubdan yangilashdagi o‘rni hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, mazkur hujjat orqali oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yuldashev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov farmon loyihasining asosiy yo‘nalishlari, uni amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalar yuzasidan taqdimot qildi. Taqdimotda universitetlar boshqaruvini takomillashtirish, ta’lim sifati baholash tizimini xalqaro talablar asosida rivojlantirish, shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalarni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lashga qaratilgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokama davomida rektorlar tomonidan farmon loyihasida nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirish, oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda universitetlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirishga doir taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir doirasida respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yashil oliygoh” tanlovi g‘olibi bo‘lgan Jizzax politexnika institutiga Prezident sovg‘asi sifatida BYD Chazor elektromobili taqdim etildi.

Mazkur institut hududidagi 24 gektar maydonning 21 gektarida 22 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekilib, keng ko‘lamli yashil hudud barpo etilgan. Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilib, quvvati 650 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. 

Yig‘ilish ishtirokchilari  “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hududiga daraxt ko‘chatlari ekdi.